Navalniy jamoasidan yangi film: “Putinning Valday dachasi sirlari”
Olam
−
15 aprel 2021
19366Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KQF) “Putinning Valday dachasi sirlari” nomli yangi surishtiruv filmini e’lon qildi.
Unda Prezident Putinning do‘sti Yuriy Kovalchuk o‘zining Novgorod viloyati Valdaydagi 100 gektar yer maydonini Prezident ishlarini boshqarish federal organiga yiliga 300 million rubl evaziga ijaraga bergani aytilgan. Ijaraga olingan aynan ushbu maydonda Putinning dachasi joylashgan.
Surishtiruv filmida ta’kidlanishicha, orolning shimoliy qismida joylashgan 150 gektar maydonda texnik binolar – omborlar, garajlar va kichik mehmonxona mavjud. Ushbu hudud rasmiy ravishda Rossiya Federatsiyasiga tegishli.
Putinning do‘stiga tegishli bo‘lgan 100 gektar yer maydoni esa yarim orolning janubiy qismida joylashgan bo‘lib, u yerdan yozgi turar joy, rus banyalari, ko‘ngil ochish va dam olish uchun boshqa binolar o‘rin olgan.
“Dacha” hududida nimalar bor?
To‘rt qavatli asosiy binoning maydoni 3,5 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Asosiy bino atrofida esa hammom, restoran va alohida pivo ichish uchun qovoqxona mavjud. Bundan tashqari, “dacha” hududidan bolalar maydonchasi va cherkov o‘rin olgan.
“Asosiy sir”
KQF ma’lumotlariga ko‘ra, “Putinning Valdaydagi asosiy siri” bosh binodan 350 metr yuqorida yashiringan. Bu – uch qavatdan ikkitasi yer ostida bo‘lgan, 7 ming kvadrat metr maydonga ega uy.
Ushbu majmuada solaryum, kosmetologiya xonalari, basseyn, massaj vannalari, loy terapiya xonasi va stomatologiya kabineti mavjud. Boshqa qanotda 25 metrli suzish havzasi, hammom va sauna joylashgan.
Majmuaning narxi qancha?
KQFga ko‘ra, Putinning do‘sti Kovalchuk bularning barchasiga o‘zining “Praym” firmasi orqali egalik qiladi. Ijara haqqidan tashqari, uning boshqa daromadi yo‘q. Ushbu firmaning 2019 yildagi daromadi 312 million, 2018 yillagisi esa 304 million rublni tashkil qilgan. So‘nggi o‘n yil ichida bu firma 2,7 milliard rubl ishlab topgan.
Eslatib o‘tamiz, bu Putinga tegishli, deb aytilayotgan birinchi qimmatbaho majmua emas. Bunga qadar Navalniy jamoasi Gelenjik yaqinida, Qora dengiz sohilida joylashgan saroy haqida ham surishtiruv filmini e’lon qilgandi. Bundan tashqari, “Proyekt” loyihasi ham Qrimda joylashgan “Glitsiniya” qasrining Putinga tegishli ekani to‘g‘risida film ishlagandi.
Shundan so‘ng, possovet hududida Prezident va davlat rahbarlariga tegishli shunday saroy va qasrlar haqida film ishlash “trend”ga kirdi.
Jumladan, Belarus muxolifatining vakillari Aleksandr Lukashenkoning boyligi haqida film ishlagan. Ushbu filmda Prezidentga tegishli deb, aytilgan bir qancha saroylar haqida so‘z boradi.
O‘zbekistonda ham yuqoridagi holatlarga o‘xshash siyosiy axborot tarqaldi. Unda “Shovvozsoy” dam olish maskani go‘yoki Prezident Mirziyoyevga tegishli ekani aytilgan. Shundan so‘ng, ushbu holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” so‘ngra Prezidentning o‘zi munosabat bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy 88 kundan beri qamoqda. Uning ozodlikda yurgan jamoasi esa yangi norozilik namoyishlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Buning uchun muxolifat “Navalniyga ozodlik“ nomli maxsus veb-sayt ochdi. Ushbu saytda mitinglarda qatnashish istagini bildirib, 500 ming kishi ro‘yxatdan o‘tganda namoyishlar boshlanadi. Hozirga qadar, namoyishga chiqishga tayyor ekanini ma’lum qilib, ushbu saytdan 440 000 ga yaqin rossiyalik ro‘yxatdan o‘tdi.
LiveBarchasi