Mirziyoyev “Shovvozsoy” dam olish maskani kimga tegishli ekanini ochiqladi
Jamiyat
−
18 mart 2021
33417O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan “Shovvozsoy” dam olish maskani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Prezident jurnalist va bloger Aziza Qurbonovaning shu haqdagi savoliga javob qaytargan.
“Shovvozsoy “O‘zbekiston temiryo‘llari”ga tegishli davlat korxonasi. hech kim u yerda turgani, yashagani yoki kimgadir o‘tkazilgani yo‘q. Qandaydir martabali, O‘zbekistonga foydasi keladigan inson kelsa, Prezident ham boradi. Aytmaysizlarmi, “biz Prezident bilan piyoda yuramiz, sizlar ham kelib, bir marta piyoda yurib ko‘ringlar”, deb? Keyin Prezident 5 yilda umumiy necha marta dam olibdi, degan savolni nega bermaysizlar?” deydi Prezident.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ham ushbu dam olish maskani haqidagi xabarlarga munosabat bildirgandi.
“Ushbu dam olish va sog‘lomlashtirish maskanlarida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ bilan shartnoma va yo‘llanmalar asosida, temiryo‘lchilar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, turli vazirlik, idora va davlat tashkilotlari, mahalliy hokimliklar, shuningdek, Respublika aholisi va chet ellik investorlar, hamkorlar va sayyohlarga ekoturizm va ekstremal turizm, salomatlikni mustahkamlash va qayta tiklash xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda”, deyilgandi bayonotda.
LiveBarchasi