Putindan so‘ng navbat Lukashenkoga: uning “Oltin koni” haqida film ishlandi

Olam

image
0:00
0:00
download

Avvalroq, Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko “Motovelo” zavodi jamoasi bilan suhbat chog‘ida muxolifat izlayotgan saroy onasining qishloqdagi kichik uyi ekanini aytgan edi.

Biroq kecha, 9 mart kuni Belarus muxolifatining vakillari Prezident Aleksandr Lukashenkoning boyligi haqida tergov filmini ommaga e’lon qildi va u yerda bir emas, bir qancha saroylar haqida so‘z boradi. “Oltin koni” deb nomlangan ushbu film “Nexta” YouTube kanaliga joylashtirilgan.

Filmda Lukashenkoga tegishli, deb iddao qilinayotgan 18 ta ko‘chmas mulk, avtomobillar, aviaparklar va boshqa ko‘plab qimmatbaho buyumlar haqida so‘z boradi.

O‘sha 18 ta ko‘chmas mulk orasida Minskdagi Mustaqillik saroyi, Vitebsk viloyatidagi “Krupenino” dam olish maskani va Brest viloyatidagi “Viskuli” dala hovlisi ham bor. Filmga ko‘ra, yuqorida sanab o‘tilgan turar joylarni saqlashga millionlab AQSH dollari sarflanadi. 2013 yili Mustaqillik saroyining ochilish marosimida Lukashenko ushbu majmauning qurilishiga byudjet mablag‘lari sarflanmaganini aytgan.

Filmda suratga tushgan anonim (yashirin – tahr) guvohlarning ta’kidlashicha, Mustaqillik saroyida hammom, sauna, suzish havzasi, qishki bog‘, qurol-yaroq hamda sharob ombori va vertolyot maydonchasi mavjud. Saroyning umumiy maydoni 50 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lishi mumkin. 2020 yilning yozida Belarusda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari paytida Lukashenko aynan shu saroyga vertolyotda qo‘lida qurol bilan uchib kelgan edi.

“Nexta” shuningdek, Lukashenkoda bahosi to‘rt million yevroga teng bo‘lgan oliy toifadagi avtomobillar to‘plami borligini da’vo qilgan. Xususan, filmda 100 ming yevroga teng bo‘lgan ikkita Audi avtomobili, 1,5 million yevrolik Mercedes-Maybach, 170 ming yevroga Rolls-Royce, 160 ming yevrolik Mercedes va 100 ming yevro turadigan Tesla sanab o‘tilgan. Qizig‘i shundaki, 2019 yilda Lukashenko Tesla elektromobilini unga kompaniya Bosh direktori Ilon Mask sovg‘a qilganini aytgan edi. Biroq Ilon Maskning o‘zi bu ma’lumotni tasdiqlamagan. Filmga ko‘ra, ushbu qimmatbaho avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish yuz minglab dollarga tushadi.

“Nexta”ning yozishicha, Lukashenkoda yana millionlab dollarga teng klassik, tarixiy avtomobillar to‘plami ham mavjud.

Ma’lumot o‘rnida, “Nexta” Telegram kanali hamda uning asoschilari Stepan Putilo va Roman Protasevich 2020 yilning noyabr oyida Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan terroristik faoliyatga aloqador tashkilot va shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin haqida ham surishtiruv filmi ommaga e’lon qilingan edi. Ushbu film Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniy rahbarligidagi Korrupsiyaga qarshi kurash fondi tomonidan suratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

288

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing