Lukashenko muxolifat izlayotgan “saroy” qayerdaligini aytdi

Olam

image

Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning “saroyi” onasining qishloqdagi kichik uyidir. Bu haqda Belarus rahbarining o‘zi bugun, 5 mart kuni “Motovelo” zavodi jamoasi bilan suhbat chog‘ida aytib o‘tdi.

Suhbatda Lukashenko muxolifat kuchlari topmoqchi bo‘layotgan qasr to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdi.

“Tushunishingizni istayman: men chorak asrdan beri Prezident sifatida ishlayman va agar ular (muxolifat – tahr.) aytganidek milliardlarim yoki saroylarim bo‘lsa, meni o‘ngga-chapga qilib yirtib tashlashgan bo‘lar edi. Shuning uchun agar kimdir Lukashenkoning saroyini topsa, darhol u yerga ko‘chib o‘tishi mumkin”, deydi u.

Belarus rahbariga ko‘ra, uning mulki haqidagi soxta xabarlar mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirish uchun ishlatiladi.

“Shuning uchun, men sizga saroyim borligini aytib, yana takrorlamoqchiman. Fikrimcha, yetti-sakkiz xonadan iborat onam meni o‘stirgan uy (Aleksandriya qishloqchasida – tahr.) o‘sha mening saroyim... Qolganlari davlatga tegishli”, deydi Lukashenko.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muxolifat badavlat odamlarning uylarini suratga olib, ularni Prezidentga tegishli deb o‘tkazishga harakat qilmoqda.

“Ukraina qulab tushdi, barcha postsovet respublikalari ham quladi, ammo Belarus hanuzgacha mahkam turibdi. Kamtarmasligim uchun uzr, lekin ular Lukashenko tufayli Belarus mahkam turganini juda yaxshi biladi. Shuning uchun ham uni (Lukashenkoni – tahr.) hokimiyatdan ag‘darishga harakat qilmoqda”, deydi Belarus rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Rossiyada ham saroy bilan bog‘liq mavzu o‘rtaga chiqqandi. Korrupsiyaga qarshi kurash fondi asoschisi hamda muxolifat yetakchisi hisoblangan va ayni vaqtda panjara ortida bo‘lgan Aleksey Navalniy “Putin uchun saroy” nomli yirik surishtiruv filmini e’lon qilgandi.

Biroq oradan vaqt o‘tgach Rossiyalik milliarder Arkadiy Rotenberg saroyning egasi ekanini ochiqlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' Lukashenko

Baholaganlar

241

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing