Navalniyning faoliyatini “ekstremistik” deb baholash taklif qilindi
Olam
−
17 aprel 2021
4101Rossiyadagi bir qator prokurorlar suddan qamoqdagi muxolifat lideri Aleksey Navalniyga aloqador guruhlarni “ekstremistik tashkilotlar“ deb belgilashni so‘radi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
Agar kecha, 16 aprel kuni taqdim etilgan taklif ma’qullansa, bu ikki yarim yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Navalniy tomonidan tuzilgan guruhlar tarmog‘iga nisbatan eng jiddiy qadamlardan biri bo‘ladi.
Rossiyaning “ekstremistik tashkilotlar“ ro‘yxati hozirda 33 sub’ektdan iborat. “ISHID” qurolli guruhi, “Tolibon” va “Yahovaning shohidlari” shular jumlasidan. Rossiyada ushbu guruhlarning faoliyati taqiqlangan va ularning a’zolari uzoq muddatli qamoq jazolariga hukm qilinishi mumkin.
Rossiya qonunlariga ko‘ra, bunday guruhlar faoliyatini tashkil qilayotgan shaxslar 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilib, ularda ishtirok etayotganlar esa jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Moskva davlat prokurorining ta’kidlashicha, Navalniyning Korrupsiyaga qarshi kurashish fondi va mamlakatning turli mintaqalarida tuzgan tashviqot guruhlari o‘rganib chiqilib, sudga murojaat qilish qaroriga kelingan.
“Liberal shiorlar niqobi ostida ushbu tashkilotlar ijtimoiy va ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish uchun harakat qilmoqdalar”, deyiladi prokuror bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Putinning davlat mablag‘i asosida o‘zi uchun saroy qurdirganini da’vo qilib chiqqan Navalniy Germaniyadan qaytgan zahoti aeroportda hibsga olinib, keyinchalik 2,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Shundan so‘ng, uni vatanparvar muxolifatchi, deb bilgan omma namoyishlar uyushtirdi. Navalniy bir necha bor ochlik e’lon qildi, yaqinlari va advokatlari uning qamoqda qiynoqqa solinayotgani va sog‘ligi yomonlashganini aytib chiqdi.
Ozodlikka erishish uchun turli yo‘llarni qo‘llab ko‘rayotgan Navalniy o‘tgan hafta Qur’on kitobini bermagani uchun koloniya rahbarini sudga berdi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa buni provokatsiya deb atadi.
Hozirda Navalniy jamoasi o‘zi faoliyatini davom ettirmoqda va yaqinda eski mavzu bo‘yicha yangi surishtiruv e’lon qildi.
Iqbol Ergashova
LiveBarchasi