Navalniy unga Qur’on kitobini berishmagani uchun sudga murojaat qildi
Olam
−
13 aprel 2021
12991Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniy o‘zi hibsda bo‘lib turgan Vladimir viloyatidagi 2-axloq tuzatish koloniyasini sudga berdi. Bu haqda Navalniy o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Navalniy o‘zi bilan qamoqxonaga olib kelgan kitoblarini unga berishmagan.
“Qur’on kitobini deb, koloniyamni sudga berishimni kim o‘ylabdi deysiz. Gap shundaki, menga o‘zim bilan olib kelgan Qur’on kitobini berishmayapti. Men qamoqxonaga kirishimdan avval o‘z ustimda ishlash bo‘yicha qiladigan ishlarim ro‘yxatini tuzib bergandim. Ularda biri Qur’onni o‘qish va Payg‘ambarning (Muhammad s.a.v – tahr.) sunnatlarini o‘rganish bo‘lgan. Kitob o‘qish uchun sudlashish kerak bo‘lsa, sudlashaman ham. Nima, endi o‘zim bilan olib kelgan Qur’onni ham o‘qiy olmaymanmi? Ochlik e’lon qilganimning 13-kunida kayfiyatim faylasufona bo‘lib turgan bir vaqtda-ya...”, deb yozadi muxolifatchi.
Navalniy Qur’onni o‘rganish istagini quyidagicha tushuntirgan.
“Atrofdagilar Islom va musulmonlar haqida cheksiz munozaralar olib bormoqda. Albatta, muhokama qilayotganlarning 99 foizi bu haqda hech narsani tushunmaydi. Ammo men Rossiyadagi musulmon bo‘lmagan siyosatchilar orasida Qur’onning chempioni bo‘lishga qaror qildim”, deya qo‘shimcha qilgan Navalniy.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya muxolifati rahbari Aleksey Navalniy 2020 yilning avgust oyida Tomsk shahridan samolyotda uchishda xushidan ketib, koma holatiga tushdi. Shundan so‘ng, u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning ruxsati bilan Germaniyaga maxsus samolyotda olib ketildi.
Ma’lum qilinishicha, Navalniy "Novichok" kimyoviy-quroli bilan zaharlangan. Yarim yildan ortiq vaqt davomida Berlindagi “Sharite” klinikasida davolanib, joriy yilning yanvar oyida Vatani – Rossiyaga qaytdi va hibsga olindi.
Shundan so‘ng uning ustidan ikki marotaba sud jarayoni o‘tkazildi. Natijada u 3,5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
LiveBarchasi