Putin Navalniyning Germaniyaga ketishiga shaxsan ruxsat berganini aytdi
Olam
−
23 Oktabr 2020
7042Rossiya Prezidenti Vladimir Putin prokuraturaga Aleksey Navalniyga davolanish uchun Berlinga uchishiga ruxsat berish to‘g‘risida shaxsan o‘zi ko‘rsatma berganini aytdi. “Valday” munozara klubi sessiyasida Putin Hukumat haqiqat ham Navalniyni zaharlashni xohlaganda uni Germaniyada davolanishi uchun ruxsat bermagan bo‘larmidi deya qo‘shimcha qildi.
“Bu fuqaroning turmush o‘rtog‘i menga murojaat qilishi bilanoq, men prokuraturaga uni davolanish uchun xorijga chiqish imkoniyatini tekshirishga ko‘rsatma berdim. Uni chiqarmasliklari mumkin edi, chunki uning sud tergovi bilan bog‘liq cheklovi bor edi. Uning xorijga chiqishi uchun taqiq bor edi. Ammo men Bosh prokuraturadan buni hal qilshni so‘radim va u ketdi”, degan Rossiya rahbari.
U Germaniyada Navalniyning tahlillarida “Novichok”ning izi topilgani haqidagi bayonotlarga ham to‘xtalib o‘tdi.
“Biz aytlik: jinoyat ishi ochish uchun yuridik asos bo‘lishi uchun bizga biologik material va rasmiy xulosani bering, uni qayta tekshiraylik. Ammo hech nima berishmayapti buni qanday tushuntirasiz? Izoh yo‘q”, degan Putin bo‘layotgan jarayon haqida gapirib.
Prezident rasmiy Moskva noodatiy narsa so‘ramayotganini, bu Germaniya bilan kelishuvga mosligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 20 avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga ketayotganda tobi qochib, Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Unga nima bo‘lgani noma’lum bo‘lib turgan vaqtda, siyosatchining tarafdorlari Navalniy zaharlanganini iddao qildi.
Ular Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushganda Omskdagi shifokorlar bunga ruxsat bermadi. Oradan ikki kun o‘tib esa, Navalniyni istalgan shifoxonaga ko‘chirish mumkinligini aytishdi va siyosatchi Berlinga olib ketildi. Bu hol ham muxolifatchi tarafdorlarida shubha uyg‘otdi va ishga Kreml aralashgani gumon qilindi.
Germaniyada tekshiruvdan o‘tkazilgach, u zaharlangani ma’lum bo‘ldi. GFR Hukumati siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyadan hisob so‘radi. Uning talabini Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH ham qo‘lladi. Yevropa parlamenti esa Navalniy bilan yuz bergan holat bo‘yicha sanksiyalar joriy qilish haqida rezolyutsiyani tasdiqladi.
14 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi va sun’iy nafas oldirish apparatidan uzildi. Ertasi kuni u zaharlanganidan keyingi ilk suratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi.
Ahamiyatli tomoni, “The New York Times” gazetasining GFR xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas. U sog‘aygach, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirish niyatida.
Nemis nashrlari Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya razvedkasi borligini yozmoqda. Shuningdek, “Reuters” agentligi Navalniyning Omskdagi shifoxonadan ketishi bevosita Kreml ruxsat berganini ma’lum qildi. Agentlik Omskdagi shifoxonaga yaqin manba bilan suhbatlashgan. U shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan.
Navalniyning safdoshlari esa Tomskda u qolgan mehmonxona xonasidan “Novichok”ning izi bor suv idishi topgan. Zaharni Germaniya mutaxassislari aniqlagan.
Bu orada Rossiya Navalniy bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad qilyapti. Kremldagilar uning zaharlanganini ham yolg‘on deb atashmoqda. Aksincha, RF G‘arb davlatlari va NATO “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli moddani tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan deb, ularni aybladi.
Rossiya zaharlanishni inkor qilib turgan bir vaqtda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti mutaxassislar rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning qonida zaharli modda borligini tasdiqladi.
LiveBarchasi