Panjara ortida ham Putinga tinchlik bermayotgan Navalniy aslida kim?
Tahlil
−
21 yanvar 2021
45813Aleksey Navalniy – yurist, siyosatchi hamda so‘nggi yillarda Rossiya Hukumati uchun haqiqiy “bosh og‘riqqa” aylangan muxolifat yetakchisi. U o‘tgan yilning avgust oyida Rossiyaning Tomsk shahrida zaharlanib, koma holatiga tushib qoldi. Shundan sung, Germaniyada uzoq vaqt davolanib, 17 yanvar kuni Vatani Rossiyaga qaytdi. Biroq samolyot aeroportga qo‘nishi bilanoq u hibsga olindi. Hozir u panjara ortida.
Shunday bo‘lsa ham qo‘li kishanlangan Navalniy Rossiya hukumatiga muammo tug‘dirishda davom etib kelmoqda. Lekin qanday? Axir u qamoqda-ku. O‘zi bu shaxsning maqsadi nima? Uni kim moliyalashtiradi? Quyida Aleksey Navalniyning siyosiy faoliyatiga nazar solamiz.
Katta siyosatgacha bo‘lgan qadam
Navalniy Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetida huquqni o‘rgangan, so‘ngra Hukumat qoshidagi Moliya akademiyasida o‘qigan. Undan tashqari 2010 yilda “Yale World Fellows” dasturi doirasida AQSHning Yela universitetida 6 oylik kursni o‘tab qaytgan.
U mehnat faoliyatini Rossiyaning “Aeroflot” bankida boshlaydi. Ko‘p vaqt o‘tmay o‘z biznesiga asos soladi va “Allekt”,”Nesna” kabi bir qator firmalar ochadi. Navalniy 2001 yilda logistika bilan shug‘ullangan bo‘lsa, 2006 yilda “Exo Moskvi”ning bir dasturida boshlovchi bo‘lib ishlaydi. U bir muddat professional advokatlik faoliyati bilan ham shug‘ullangan. 2012 yilda “Aeroflot” bankining direktorlar kengashiga qo‘shildi. Oradan ko‘p utmay u yerni ham tark etadi.
Navalniy 2013 yilda Moskva merligi uchun o‘z nomzodini qo‘ydi va ikkinchi o‘rinni oldi. 2016 yilda esa Aleksey Rossiya prezidentlik saylovlarida qatnashish niyati borligini ma’lum qildi va shu tariqa katta siyosatga kirib keldi.
Korrupsiyaga qarshi kurash fondi
2011 yilda Aleksey Navalniy Korrupsiyaga qarshi kurash fondiga(KQKF) asos soldi. Ushbu tashkilot surishtiruv, tergov va korrupsion sxemalarni fosh etish bilan birgalikda davlat amaldorlarining noqonuniy boylik orttirishi to‘g‘risida filmlar ham ishlaydi. Ulardan eng mashhurlari:
• 2015 yilda e’lon qilingan, Rossiya Federatsiyasi generali Yuriy Chayka nomi bilan bog‘liq “Chayka” filmi – YouTube videoxostingida15 million marta ko‘rilgan;
• 2017 yilda omma e’tiboriga havola qilingan, Rossiya Federatsiyasi sobiq Prezidenti va Bosh vaziri Dmitriy Medvedev nomi bilan bog‘liq “On vam ne Dimon” filmi – 37 million marta ko‘rilgan;
• 2017 yilda rossiyalik jurnalist va propagandachi Vladimir Solovyov nomi bilan bog‘lik “Kvartiri, dacha i italyanskaya villa” nomli film – 10 million marta ko‘rilgan;
• 19 yanvar kuni esa, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir nomi bilan bog‘liq “Dvorets dlya Putina” nomli film e’lon qilindi. Bu film hozirgacha 26 million marta tomosha qilindi.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, yuqorida sanab o‘tilgan filmlarni suratga olgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi 2019 yilning oktyabr oyida Rossiya Federatsiyasining Adliya vazirligi tomonidan chet el agentlari ro‘yxatiga kiritilgan.
Ushbu fondda doimiy ravishda 40 dan ziyod xodim hamda 300 dan ortiq volontyorlar faoliyat yuritadi. Fondning faoliyati Hukumat kirdikorlarini fosh qilishga qaratilganini hisobga olsak, tabbiyki fond xodimlari hibsga olinadi va ofislari tez-tez hujumga uchrab turadi. Navalniy ham bundan mustasno emas.
Navalniyga suiqasd
O‘tgan 2020 yil butun dunyo qatorida Navalniy, uning oilasi va hamkasblariga ham og‘ir keldi. Gap shundaki, o‘tgan yilning iyul oyida Navalniy ustidan sudga taqdim qilingan shikoyat arizasi tufayli fond o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtishga majbur bo‘ldi. Bundan bir oy o‘tar-o‘tmas, aniqrog‘i 20 avgust kuni Rossiyaning Tomsk shahridan mamlakat poytaxti Moskvaga qaytish vaqtida samolyotda Alekseyning tobi qochib, hushidan ketdi. Keyinroq, siyosatchining o‘zi buni quyidagicha eslaydi:
“Hech qayerim og‘rimas edi, lekin o‘layotganimni his qilardim ”, deydi Aleksey.
Shundan so‘ng, u koma holatiga tushdi. Siyosatchi ayoli va jamoasining sa’y-harakatlari bilan Germaniyaga olib ketildi. Besh oy vaqt davomida u Germaniyaning “Sharite” shifoxonasida davolanib, yana faol hayotga, siyosiy maydonga qaytdi. O‘zining zaharlanishida Putin va uning odamlarini ayblab, bu haqda ham surishtiruv filmini e’lon qilgan.
Ommani uzoq kuttirmagan siyosatchi joriy yilning 13 yanvar kuni Vataniga qaytishini e’lon qildi. Xavotirlarga qaramay, Navalniy Rossiyaga qaytdi va kutilganidek darhol hibsga olindi. Katta ehtimol bilan Navalniy voqea bunday tus olishini oldindan bilgan va bunga tayyorgarlik ko‘rgan. Ushbu fikrning isboti sifatida qo‘li qishanda bo‘lgan siyosatchining omma e’tiboriga taqdim qilayotgan surishtiruv filmi, maqolalari va ijtimoiy tarmoqdagi postlari to‘xtamayotganini olish mumkin.
Siyosatchining Vatanga qaytishi
Yuqorida ta’kidlanganidek Aleksey 17 yanvar kuni Rossiyaga qaytdi va darhol hibsga olindi. Lekin masalaning qiziq jihati shundaki, samolyot belgilangan “Vnukovo” aeroportiga emas, balki “Sheremetevo”ga qo‘ndi. Gap shundaki, “Vnukovo”da siyosatchini ko‘plab tarafdordari kutib turgan edi. Samolyot qo‘ngan “Sheremetevo” aeroportida esa, Alekseyni bir necha avtobusda yetib kelgan OMONchilar qarshi oldi.
Joriy yilning 18 yanvar kuni Aleksey Ximki shahar sudi tomonidan 30 kunga ozodlikdan mahrum etildi. Sud jarayoni esa tartibga ko‘ra sud zalida emas, balki politsiya bo‘linmasida bo‘lib o‘tdi. Navalniy ustidan 2 fevral kuni Moskvada yana sud jarayoni o‘tkazilish belgilangan. Xabarlarga ko‘ra, u “Iv Roshe” kompaniyasining pullarini o‘zlashtirishda ayblanmoda. Siyosatchiga 3,5 yil qamoq jazosi xavf solyapti.
Navalniyni kim moliyalashtiradi?
2017 yilda Aleksey Navalniyning o‘zi unga pul qayerdan kelishini ommaga ma’lum qilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy daromad xalqning o‘zidan keladi. Gap shundaki, u asos solgan korrupsiyaga qarshi kurashish fondi va o‘zining nomi bilan ochilgan saytlarda “donate” tugmachasi mavjud. Aynan o‘sha saytlar orqali Alekseyning faoliyatini qo‘llab-qo‘vvatlash istagida bo‘lganlar unga pul mablag‘larini jo‘natadi.
Undan tashqari, YouTube platformasiga joylashtirilgan video lavhalar hisobiga ham pul mablag‘lari kelib turadi.
Navalniy jamoasi doimiy ravishda fondga kelib tushayotgan pul miqdori va nimalarga sarf qilinayotgani xaqida hisobot berib turadi.
Siyosatchining oilasi
Aleksey 1998 yilda Turkiyada Yuliya bilan tanishib qoladi va ular oradan ikki yil o‘tib turmush quradi. Yuliya Aleksey kabi iqtisod va moliyani o‘rgangan. Ularning ikki farzadi bor. Kattasi qiz – Darya, kichigi o‘g‘il – Zaxar. Siyosatchining ayoli Yuliya har doim uni qo‘llab kelgan. Navlniyning so‘zlariga ko‘ra, ayolining siyosiy ambitsiyalari unikidan ham kuchliroq.
LiveBarchasi