Rossiya harbiylari Dnepr to‘g‘onini portlatdi (video)
Olam
−
26 fevral 2022
26975Dneprdan Qrimga suv oqimini to‘sib qo‘ygan Shimoliy Qrim kanalidagi to‘g‘on Rossiya harbiylari tomonidan portlatilgan. Bu haqda Qrim rahbari Sergey Aksyonov ma’lum qildi, deb xabar bermoqda RBK.
“Dnepr suvini Qrimga qaytarish bo‘yicha ishlar davom etmoqda”, deb yozgan u.
To‘g‘on portlashi aks etgan videoni “Zvezda” telekanali e’lon qildi.
VIDEO
Avvalroq, 24 fevral kuni, Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganda Aksyonov Qrim Respublikasi suv xo‘jaligi va melioratsiya davlat qo‘mitasi raisi Igor Vailga Shimoliy Qrim kanalini suvni qabul qilishga tayyorlashni topshirgan edi.
“Bizga tuzsizlantirish zavodlari kerak emasdek tuyulmoqda”, degan o‘sha paytda Qrim rahbari. Keyinroq u “aslida” Qrimning harbiy blokadasi tugaganini aytgan.
Shimoliy Qrim kanali Ukrainaning Xerson viloyatidagi Kaxovka shahri yaqinida boshlanadi, suv Dneprdagi Kaxovka suv omboridan keladi.
2014 yilgacha Qrim Shimoliy Qrim kanali orqali Dneprdan suv olgan, bu aholining chuchuk suvga bo‘lgan ehtiyojlarining 85 foizini ta’minlagan. Rossiya yarim orolni egallagach, 2017 yilda Ukrainaning Xerson viloyati hokimiyati kanal tubini to‘g‘on bilan to‘sib qo‘ygan edi. U kanal orqali orolning suv ta’minotini butunlay uzib qo‘ygan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi