Rossiya haqiqiy jahon urushiga tayyorgarlik ko‘rayotgandek – Botir Shermuhammad
Intervyu
−
24 Sentabr 2022
26171Agar Rossiyada harbiy harakatlar keskinlashadigan bo‘lsa, O‘zbekistonning migrantlarni qaytarib olib kelish imkoniyati qay darajada? Bu savolga migratsiya masalalari bo‘yicha mutaxassis, huquqshunos Botirjon Shermuhammad QALAMPIR.UZ bilan suhbatda “bu qiyin”, deya javob berdi.
U buni pandemiya paytidagi vaziyat bilan taqqoslarkan, bir necha million tugul, yuz ming odamni ham elchixona tomonidan olib kelinishi juda qiyin bo‘lganini esladi. O‘zbekiston hukumati bunday vaziyatda Rossiyadagi o‘zbek migrantlarining ahvoli haqida qayg‘urishi, favqulodda holatlarga tayyor turish uchun oldindan choralar izlashi kerakligini ta’kidladi.
“Davlatning vazifasi – oldindan mana shunday tendensiyalarni hisobga olib prognoz, tahlil qilish. Yuqorida o‘tirganlar oddiy ishchilar emas, oliy ma’lumotli insonlar, katta mutaxassislar. Shundan kelib chiqib, xo‘p, ertaga urush boshlanib qolsa, yoki vaziyat jiddiylashsa, nima qilishimiz kerakligini aytishi kerak. Oldindan choralar ko‘rishi kerak”, deydi mutaxassis.
Shuningdek, u Rossiyadagi vaziyat biz bilganimizdan ko‘ra ancha jiddiy ekanligini aytmoqda.
“Hatto, Rossiyaning shaharlaridagi portlashdan saqlaydigan yerto‘lalarning xaritalarining e’lon qilinganini ko‘rdik. Ya’ni haqiqiy jahon urushiga tayyorgarlik ko‘rilayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Agar haqiqatan ham shunday bo‘lsa, o‘sha yerto‘lalarga birov o‘zbeklarni kiritadimi, ularga bo‘lgan munosabat qanday bo‘ladi, bunga aniqlik kiritilishi shart”, deydi Botirjon Shermuhammad.
Mutaxassis bu holatni ham pandemiya davridagi vaziyat bilan taqqosladi.
“Pandemiya paytida birinchi bo‘lib aynan migrantlar ko‘chada qoldi. Birinchi bo‘lib ular shartnomasiz qoldi, hamma joy yopildi, pulsiz qoldi. Oddiy til bilan aytganda ish beruvchilar migrantlarni haydavorishdi. Ularning hech qanaqa huquqlari himoya qilinmadi”, deb o‘tmishdan xulosa chiqarishga undamoqda huquqshunos.
U hukumat bunday vaziyatda har narsaga tayyor turishi kerakligini aytib, pandemiya paytidagi migrantlarning chegaraga borib yotib olish holatlarining takrorlanishi mumkinligidan ogohlantirdi.
“Bunday ishlarni Hukumatdan boshqa kim nazorat qiladi, kim tahlil qiladi, kim oldini olish choralarini ko‘radi? Biz faqatgina biror falokat yuz bergandagina harakatga tushib qolamiz. Agar qaytaradigan bo‘lsak, nechta poyezd kerak, nechta samolyot, qanday olib kelinadi? Menimcha, bu savollarga hukumatda ham javob bo‘lmasa kerak”, deydi mutaxassis.
Migrantlar masalalari bo‘yicha ekspert va huquqshunos Botir Shermuhammad bilan to‘liq videointervyuni QALAMPIR.UZ'ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Prezident Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra birinchi bosqichda 300 ming Rossiya fuqarosi frontga yuboriladi.
Safarbarlikka oid qaror qabul qilinishi ortidan Rossiya Prezidenti huzuridagi Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi Kiril Kabanov Rossiya Federatsiyasining 10 yildan kam muddatga Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan yangi fuqarolari – Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun bir yil davomida majburiy harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha takliflar tayyorlanayotganini aytib chiqdi. Bu Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan ko‘chib o‘tgan fuqarolarga taalluqli.
LiveBarchasi