Rasman: ODKB kuchlari Qozog‘istonga kirdi

Olam

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga jo‘natildi, Rossiya kontingentining ilg‘or bo‘linmalari o‘z vazifalarini bajarishga kirishdi. Bu haqda KXSHT kotibiyatida jurnalistlarga ma’lum qilingan. 

“KXSHT Kollektiv xavfsizlik kengashining 2022 yil 6 yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq, vaziyatni barqarorlashtirish va normallashtirish uchun Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining Kollektiv tinchlikparvar kuchlari cheklangan muddatga Qozog‘iston Respublikasiga yuborildi”, deyiladi xabarda. 

Ularning ta’kidlashicha, tinchlikparvar kontingentning Rossiya qismining ilg‘or bo‘linmalari “vazifalarni bajarishga kirishgan”. 

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, tinchlikparvar kuchlar tarkibiga Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari kirgan. 

“KXSHT Kollektiv tinchlikparvar kuchlarining asosiy vazifalari muhim davlat va harbiy ob’ektlarini qo‘riqlash, Qozog‘iston Respublikasining huquq-tartibot kuchlariga vaziyatni barqarorlashtirish va uni huquqiy maydonga qaytarishda yordam berishdan iborat bo‘ladi”, deyiladi KXSHT bayonotida. 

Ta’kidlanishicha, Rossiya Havo-desant kuchlari Qozog‘istonga yuborilgan KXSHT tinchlikparvar kuchlari tarkibiga kirgan, Aerokosmik kuchlar samolyotlari ularni Respublikaga topshirgan. 

Avvalroq, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritishi haqida xabar bergandik. 

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKb) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston KXShT Qozog'istondagi vaziyat

Baholaganlar

582

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing