Jurnalistlarga tahdid qilganlar qachongacha uzr bilan qutiladi? QALAMPIR.UZ rasmiy bayonoti
Jamiyat
−
11 Sentabr 2021
11345BP Yunusobod prokuraturasi xodimi QALAMPIR.UZ jurnalisti faoliyatiga to‘sqinlik qilganini tasdiqladi
6.09.2021 yil QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari – Bosh muharrir o‘rinbosari Feruza Najmiddinova, tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodov, yurist Shohruh Olimjonov Toshkent shahri Yunusobod tumani 2-mavzeda qurilishi yakunlanmagan 14 ta bino prokuratura va ichki ishlar xodimlari ishtirokida buzib tashlanayotgani haqidagi murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazish uchun voqea joyiga yetib boradi. Ular QALAMPIR.UZ xodimi ekanini tasdiqlovchi hujjat bilan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunida belgilangan tartiblardan chetga chiqmagan holda, jurnalistik faoliyatini amalga oshirishga kirishadi.
Shu vaqtda jurnalist F.Najmiddinova va tasvirchi X.Xolmurodovning jurnalistik faoliyatiga Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizov tomonidan to‘sqinlik qilinadi. Azizov yonidagi ichki ishlar posbonlariga OAV xodimlari tartibsizlik keltirib chiqarayotganini aytib, ularni Ichki ishlar bo‘limiga olib borishlarini buyuradi. Buning uchun maxsus avtobus ham chaqirtiriladi. Shuningdek, QALAMPIR.UZ xodimlaridan tasvirga olmaslik talab qilinadi. Shaxsan U.Azizov QALAMPIR.UZ tasvirchisi X.Xolmurodovni yoniga chaqirib, tasvirlarni o‘chirib yuborishini va voqea joyidan ketishini talab qiladi.
Prokuratura xodimi videolarni o‘chirish, aks holda jurnalistni va unga hamrohlik qilayotgan QALAMPIR.UZ xodimlarini Ichki ishlar bo‘limiga olib borish va kerakli joyda gaplashish bilan tahdid qilgan.
QALAMPIR.UZ bo‘lib o‘tgan voqea haqida 7.09.2021 yil maqola va videoni e’lon qildi. Holat bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasi yuzasidan 11.09.2021 yil O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi QALAMPIR.UZ’ga rasmiy bayonot berdi. Unda qayd etilishicha, Umid Azizov prokuratura organlari tizimida 2019 yildan, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha Yunusobod tumani prokurori sektori kotibi vazifasida 2020 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
Bosh prokuraturaning tasdiqlashicha, 2-sektor kotibi U.Azizov tomonidan QALAMPIR.UZ internet nashri tasvirchisiga olingan videolarni o‘chirib ketishini aytib, jurnalistik faoliyatga to‘sqinlik qilganligi aniqlangan.
“Tekshirish natijasiga ko‘ra, U.Azizov bilan Toshkent shahar prokurori huzurida profilaktik suhbat o‘tkazilib, kelgusida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga oid qonunchilikka hamda prokuratura organlari xodimlarining “Kasb odobnomasi”ga qat’iy rioya qilish, aks holda intizomiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirildi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Shuni alohida ta’kidlash o‘rinliki, bugungacha jurnalistlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish, tazyiq o‘tkazish, tahqirlash kabi bir necha holatlar yuz bergan bo‘lsa-da, birinchi marta jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilingani aniqlanib, mansabdor shaxsning aybi tan olinyapti.
Albatta, QALAMPIR.UZ tahririyati Bosh prokuraturaning jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilish holati bo‘yicha o‘tkazgan o‘rganishlari va adolatni tiklash borasidagi xatti-harakatlarini olqishlaydi. Biroq, tanganing ikkinchi tarafi ham bor.
O‘zbekistonda yuqoridagi kabi holatlar bir necha bor kuzatildi va junalist daxlsizligini ta’minlash, uning kasbiy faoliyatini amalga oshirish jarayonida to‘sqinlik o‘tkazish holati bo‘yicha javobgarlikka tortish masalasi dolzarb bo‘lib borayotgani ta’kidlab kelinmoqda. Biroq, mavjud qonunlarimizda jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik belgilanmagan. Shu bois har qaysi mansabdor qilmishi uchun javobgarlikdan uzr-ma’zur bilan qutilib qolyapti. Oqibatda esa jurnalistlarga nisbatan tazyiq, bosim, tahdid, so‘z va matbuot erkinligiga g‘ov bo‘lish holatlari ortsa ortyaptiki, kamaymayapti. Bundan aziyat chekayotgan jurnalistlar esa o‘ziga ko‘rsatilgan bosim, tazyiq, tahdid, to‘sqinlik qilish holatlariga bugungidek “odob darslari”ni o‘tish bilan javob qilinayotganini ko‘rib, bilib turibdi. Xo‘sh, bundan keyin jurnalist kimga, qaysi qonunlarga ishonib qalam tebratsin?
Jurnalistlarga qayta-qayta qonunlarga itoat qilish, etika qoidalarini buzmaslik, axborot olish va tarqatishda xolislik prinsipiga amal qilish eslatiladi. Bunga rioya qilmagan jurnalist va blogerlar javobgarlikka tortilganiga ham guvoh bo‘ldik. Kun.uz va Azon.uz bilan shunday holatlar kuzatilganidan ko‘pchilikning xabari bor. Lekin jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar qachongacha uzr va "odob darslari" bilan qutiladi?
Prezident Shavkat Mirziyoyev jurnalistlarni o‘zining yaqin do‘sti, deb bilishini bir necha bor ta’kidladi. Shunga qaramay, ayrim ijro hokimiyati organlarida ommaviy axborot vositalariga nisbatan nafrat saqlanib qolmoqda.
QALAMPIR.UZ va Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi, shuningdek ko‘plab jurnalistlar bilan ro‘y bergan ana shunday holatlar qonunlarimizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, xususan jurnalist faoliyatiga to‘sqinlik qilish bo‘yicha Jinoyat kodeksida javobgarlik belgilash zarurati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Ayni holatda jurnalistning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar “odob darsi” bilan qutilib qolishi qanchalik to‘g‘ri? Nega qonun himoyachisi bo‘lgan mansabdorga qonunga va “Kasb odobnomasi”ga rioya qilishi eslatib turilishi kerak?! Bu ularning burchi va majburiyati emasmi? Boy jinoyat qilsa sho‘xlik, kambag‘alniki jinoyatmi? Holbuki, QALAMPIR.UZ bilan sodir bo‘lgan holat Jinoyat kodeksining 206-moddasi – Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish bilan malakalanishi va U.Azizov javobgarlikka tortilishi mumkin edi. Ammo, bunday bo‘lmadi.
QALAMPIR.UZ O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi, “Yuksalish” umummilliy harakati, siyosiy partiyalar, jurnalistlar va blogerlar jamiyatini, so‘z va matbuot erkinligiga befarq bo‘lmagan jamoatchilik vakillarini ushbu masalani atroflicha muhokama qilishga chaqiradi.
LiveBarchasi