AQSH O‘zbekistonga pul ajratishni to‘xtatdi, gaz va “svet” narxi oshmaydi – Hafta tahlili
Tahlil
−
30 mart
35116Yana bir Ramazon oyini ortda qoldirdik. Yana bir Hayit bilan tabriklash baxtiga muyassar bo‘lib turibmiz. Va ayni kunlarda tinchlik, xotirjamlik, sog‘lik va birdamlik, bahamjihatlik naqadar muhimligini his etyapmiz. Bu oyda imkon qadar atrofdagilarga yomon so‘z aytishdan, g‘iybatdan, tuhmatdan, birovning haqini yeyishdan, pora olishdan, mazlumga zulm qilishdan tiyilgan bo‘lsak, kelgusi oylarda ham shunday yashasak, shunday yashay olsak edi.
1 apreldan elektr va gaz narxi oshirilmaydi
Suyunchi bering! 1 apreldan elektr va gaz narxi oshirilmaydigan bo‘ldi. Lekin juda xursand ham bo‘lib ketmang. Narx oshishi bor-yo‘g‘i 1 oyga, ya’ni 1 maygacha kechiktirildi, xolos.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga elektr energiyasi va gaz bo‘yicha yangi tariflarning kuchga kirish muddatini kechiktirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu qarordan maqsad iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlarini yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda ta’minlash, shuningdek, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash ekani aytilgan.
Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, agar elektr va tabiiy gaz uchun to‘lov oldindan amalga oshirilsa, eski tariflar ikki oygacha amal qilishda davom etadi.
Prezident 26 mart kuni energiya resurslarini iqtisod qilish, iste’mol samaradorligini oshirish hamda ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
O‘zbekiston uchun bu ayni kunda dolzarb masala. Hukumat ehtimollariga ko‘ra, 2030 yilga borib, mamlakat aholisi 41 millionga yetishi, energiya resurslariga bo‘lgan talab hozirgidan 1,5 karra oshishi kutilmoqda. Shulardan kelib chiqqan holda, Prezident mas’ullarga tabiiy gaz va elektrni iqtisod qilish bo‘yicha topshiriq berdi. Joriy yilda 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz va 2,6 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish reja qilindi.
Buning uchun birinchi navbatda, yirik sanoat korxonalarida zamonaviy tejamkor uskunalar o‘rnatish, energiya isrofini kamaytirish zarur. Hukumat bu sohada yangicha ijro va nazorat tizimida ishlashi kerak.
Energetika vazirligiga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda 81,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan va bu 2016 yilga nisbatan 38 foizga ko‘pdir. Iste’molchilarga 67,5 milliard kilovatt⋅soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. Bu esa 2016 yilga nisbatan 48 foizga ko‘p degani. Biroq muammolar hal bo‘lgani yo‘q. Aksincha, o‘tgan yillarda nafaqat chekka tumanlar, balki poytaxtda ham elektr energiyasi va gaz bilan bog‘liq muammolar ortgandan ortdi, poytaxtda gaz va elektr energiyasidan uzilishlar ko‘paydi. Hududlarda tabiiy gaz va elektr energiyasi tanqisligidan yozg‘irishi ortgan bir vaqtda, rasmiylar, jumladan deputatlarning energiya resurslarini tejash haqidagi bayonotlari paydo bo‘la boshladi. Xususan, deputat Alisher Qodirov bu yil qish chillasida gazni uy isitish va ovqat pishirishga ishlatib yuboradigan xalqning kosasi oqarmaydi degan gaplari uchun ijtimoiy tarmoqda sazoyi qilingandi.
Xo‘sh, siz yashayotgan hududda gaz va “svet”dan muammo yo‘qmi? Daromadingizning qanchasini elektr va gazga to‘layapsiz? To‘g‘rirog‘i, gaz va “svet” uchun oyiga qancha to‘layapsiz. Bu haqda izohlarda yozib qoldiring.
“Tonirovka” borasida yana o‘zgarishlar bo‘ladi
Ajoyib davrda yashayapmiz-da! Avtomobillarga “tonirovka” qilish, ya’ni oynasi tusini o‘zgartirishning davlat tomonidan belgilangan narxi BHMning 10 baravarini, ayni kunda 3 million 750 ming so‘mni tashkil etadi. Lekin tonirovka uchun jarima 1,5 yarim baravar qimmat, ya’ni BHMning 25 baravari bo‘lib, 9 million 375 mingga to‘g‘ri keladi. Bu gadoni tuyaning ustida it qopishi emasmi? Ha, mayli, bu gapni biroz chetga surib turay. Kelasi oy “tonirovka” borasida yana yaxshi yangilik bo‘lishi kutilmoqda.
Ruxsatnomada ko‘rsatilgan talablarni buzgan holda oynalarni qoraytirgan haydovchilarga BHMning bir baravari, ya’ni 375 ming so‘m miqdorida jarima belgilanishi mumkin. Bu haqda shu hafta Ichki ishlar vazirligi tomonidan muhokamaga qo‘yilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida aytilgan.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ushbu qoidani nazarda tutuvchi 1261-moddasi kiritilmoqda.
Xo‘sh, bu nimani anglatadi. Aytaylik, siz “tonirovka” uchun ruxsatnoma olgansiz va unda old oynaning tusi quyosh o‘tuvchanligi 50 foiz bo‘lishi kerak deb belgilangan. Siz bu talabni mensimay quyosh o‘tuvchanligini 30 foizga qisqartirdingiz yoki boring yana to‘liq qoraytirdingiz. Bunday holatda amalda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasi qo‘llanilib, BHMning 25 baravari (9 mln 375 ming so‘m) miqdorida jarima belgilab kelinayotgan edi. Ya’ni ruxsatnomasi bor-u faqat “tonirovka”si miqdori belgilanganidan oshib ketgan bilan “tonirovka” uchun umuman ruxsatnomasi yo‘qlarni ajratuvchi adolatli mezon yo‘q edi. Endi ruxsatnomasi bo‘la turib, oynasi ko‘proq qoraytirilganlar BHMning bir baravari miqdorida jarima to‘lashi belgilanib, adolat tiklanmoqda.
Shuningdek, muhokamaga qo‘yilgan qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 332-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan – yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun solingan jarimani huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror chiqarilgan kundan e’tiboran 60 kun emas, 90 kundan kechiktirmay to‘lashi lozimligi belgilanmoqda.
Ushbu qonun loyihasi muhokamasi joriy yilning 11 apreligacha davom etadi.
Shavkat Mirziyoyev boshchiligida iftorlik marosimi o‘tkazildi
2017 yildan buyon O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Hukumat iftorlik marosimlarini o‘tkazish odat tusiga aylangan. Galdagi iftorlik davlat rahbari boshchiligida Qadr kechasi arafasida – 25 mart kuni o‘tkazildi. Shu kuni barcha hududlarda ehson dasturxonlari yozildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida tashkil etilgan marosimda qatnashdi.
Faollar, qariyalar, parlament a’zolari, musulmonlar idorasi rahbari, xorijiy mamlakatlari elchilari ishtirok etgan marosimda davlat rahbari nutq so‘zlab, Islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur o‘rganish, O‘zbekistonda buyuk tarix va madaniyat durdonalarini, ulug‘ allomalarning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini urg‘uladi.
Samarqandda Imom Buxoriy majmuasida 10 ming kishilik masjid bunyod etilayotgani, u joriy yilda ochilishi aytildi.
Prezident dunyodagi vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. Aksariyat ziddiyat va mojarolar aynan Islom dunyosida sodir bo‘layotganini afsus bilan qayd etdi.
Notinchlik o‘choqlari istalgan paytda kengayib ketishi mumkinligi, musulmon mamlakatlarida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun birdamlik va islom ummati hamjihatligini yanada mustahkamlash har qachongidan ham dolzarb ekanini aytdi.
Buning uchun, birinchi navbatda, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash, ilm-ma’rifatga yo‘naltirish e’tibor markazida turishi kerak.
Marosimda Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilindi. Alloh taolodan butun dunyoda tinchlik, yurtda farovonlik, mehr-oqibat barqaror bo‘lishini so‘rab, duolar o‘qildi. Musulmonlar idorasi raisi – muftiy Nuriddin Xoliqnazarov duoga qo‘l ochib, Prezidentga uzoq umr tilab, uning ota-onasi haqqiga ham duo qildi.
“Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida yana fojia bo‘ldimi?
Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida yana portlash yuz berdi. Navbatdagi portlash konning avval avariya sodir bo‘lgan qismida emas, yangi burg‘ilangan quduqda yuzaga kelgan.
Energetika vazirligi holatga portlash emas, M-25 gaz konidagi 202-sonli quduqda vodorod sulfidining nazorat ostidagi otilishi deya ta’rif bergan. Tabiatga ziyon yetkazmaslik va havo ifloslanishining oldini olish maqsadida quduq yoqib qo‘yilgani izohlangan.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
“Alohida ta’kidlash lozimki, yuzaga kelgan mazkur holat aholi va yaqin atrofdagi hududlarga hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Jarayon Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi hamda Ochiq neft va gaz favvoralarning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston harbiylashtirilgan qismi mutaxassislari tomonidan to‘liq nazorat ostiga olingan”, deyiladi xabarda.
Bu birinchisi emas. Bundan 6 oy oldin, 2024 yilning aniqrog‘i sentyabr oyi boshida “Mustaqillikning 25 yilligi” konida oltingugurt gazi yoki ilmiy tilda vodorod sulfid sizib chiqishi kuzatilgan. O‘shanda bu hodisaga texnologik jarayon buzilishi sabab bo‘lgani aytilgan.
Vodorod sulfid – bevosita asab tizimiga ta’sir qiluvchi zaharli gaz hisoblanadi. U hid bilish nervini falaj qilish xususiyatiga ega, buning oqibatida odam bu gazning hidini sezmay qoladi. Kam miqdordagi vodorod sulfidi bo‘lgan havodan nafas olish bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilishga, yuqori konsentratsiya esa koma, tutqanoq, o‘pka shishi va o‘limga olib kelishi mumkin.
Ramazon hayiti munosabati bilan 488 nafar mahkum afv qilindi
O‘zbekistonda har yilgi an’anaga sodiq qolingan holda Ramazon hayiti munosabati bilan 488 nafar mahkum afv qilindi. Davlat rahbari “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Qayd etilishicha, afv etilgan shaxslarning 100 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etilgan, 268 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan, 34 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan. Shuningdek, 86 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirilgan.
Afv etilganlarning 17 nafarini chet el fuqarolari, 37 nafarini ayol, 37 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 167 nafarini yoshlar (shulardan, 1 nafari voyaga yetmagan) hamda 5 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
O‘zbekistonda Prezident farmoni bilan afv etish, insoniy ko‘rsatish an’anaga aylangan bir paytda tergov izolyatorlaridan odamlarning o‘ligi chiqishi, mahkumlar qiynoqqa solinishi bilan bog‘liq holatlar kamaymayapti. Shu hafta Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan 50-son manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum koloniya xodimlari tomonidan qiynoqqa solinib, so‘ng asossiz ravishda intizomiy bo‘linmaga joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda u Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga murojaat qilgan.
Ombudsmanga ko‘ra, mazkur holat joyiga chiqib o‘rganilganda, mahkum Piskent tumani markaziy shifoxonasiga joylashtirilgan hamda shifokorlar xulosasiga ko‘ra, uning bosh va ko‘krak qismida lat yeyish alomatlari aniqlangan.
“Ishga oid hujjatlar o‘rganilganda, mahkum T.I. intizomiy bo‘linmaga 2025 yil 27 fevral kuni joylashtirilgan va uni 10 sutkaga intizomiy bo‘linmaga kiritib qo‘yish haqida qaror qabul qilingan. Ushbu qaror Toshkent maxsus prokurori tomonidan o‘rganilib, bekor qilingan hamda koloniya ma’muriyatining harakatlari Jinoyat-ijroiya kodeksining 105-moddasi (mahkumlarni intizomiy jazolash shartlari) va 111-moddasi (qo‘pol tartibbuzarlik tushunchasi) talablariga zid deb topilgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, mahkum olti kun davomida asossiz ravishda intizomiy bo‘linmada saqlanib, uning huquqlari va erkinliklari buzilgan. Shu sababli, Ombudsman qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan xodimlarga chora ko‘rilishini so‘rab Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritgan.
Favqulodda vaziyatlar xodimi pora bilan qo‘lga tushdi
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushdi. Qayd etilishicha, uning qilmishlari Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati organlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida fosh qilingan.
U o‘z xizmat mavqeini suiiste’mol qilib, Toshkent shahrida qurilishi rejalashtirilgan binolarning eskiz loyihasini tasdiqlash, yong‘indan avtomatik tarzda xabar beruvchi qurilmalar bo‘yicha tuzilgan dalolatnomalarni imzolash hamda yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan binolarni Davlat qabul komissiyasiga foydalanishga topshirilishida ijobiy xulosa berish evaziga doimiy ravishda tamagirlik yo‘li bilan pora olib kelgani aytilmoqda.
Bildirilishicha, bunday ob’ektlar ichida umumiy o‘rta ta’lim maktabi va tibbiyot muassasasi binolari ham bor.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Biroq DXX pora miqdori, poraxo‘rning shaxsi va jinoyat ishi moddalariga aniqlik kiritmagan.
Ommaviy tartibsizliklarga oid qo‘shimcha javobgarlik belgilandi
O‘zbekistonda ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik uchun javobgarlik belgilandi. Tugayotgan haftada qabul qilingan “Jinoyat kodeksining 244-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritildi.
Unga ko‘ra, kodeksga ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tganlik hamda ushbu faoliyatni moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonunga ko‘ra, shaxsning ommaviy tartibsizliklar sodir etish maqsadida o‘quvdan o‘tishi, shu jumladan ommaviy tartibsizliklarni sodir etish bilimini, amaliy mahoratini va ko‘nikmalarini egallashi, o‘quv chog‘ida qurol-yarog‘, portlatish qurilmalari, portlovchi, zaharlovchi, atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan boshqa moddalar va buyumlar bilan muomala qilish usullarini o‘rganishi:
BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.
Shuningdek, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxs, agar u o‘quvdan o‘tgani to‘g‘risida hokimiyat organlariga ixtiyoriy ravishda xabar qilsa, sodir etilgan jinoyatni fosh qilishga yoki bunday o‘quvdan o‘tgan, o‘quvni amalga oshirgan, tashkil etgan yoxud moliyalashtirgan boshqa shaxslarni, shuningdek, o‘quv o‘tkazilgan joyni aniqlashga faol ko‘maklashsa va agar uning harakatlarida jinoyatning boshqa tarkibi mavjud bo‘lmasa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi belgilandi.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining amaldagi 244-moddasida ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilish, qurol qo‘llab hokimiyat vakiliga qarshilik ko‘rsatish va shu kabi boshqa huquqbuzarliklar uchun BHMning 300 baravari miqdoridagi jarimadan 15 yil ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar nazarda tutilgan.
AQSH O‘zbekiston paxta sanoatiga boshqa pul ajratmasligini e’lon qildi
Amerika Qo‘shma Shtatlari Mehnat departamenti O‘zbekiston paxta sanoatida “shaffoflikni oshirish” uchun ajratilgan millionlab dollar pul boshqa ajratilmasligini e’lon qildi. Bu haqda AQSH Mehnat vaziri Lori Chaves-Deremer ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida tegishli videomurojaatini e’lon qildi.
U o‘zining video nutqida AQSH oxirgi dasturlarga 38 million dollardan ko‘proq mablag‘ ajratgani va bundan hatto amerikalik soliq to‘lovchilarning xabari bo‘lmaganidan yozg‘irdi.
“O‘tgan hafta departament 38 million dollardan ko‘proq mablag‘ni tejab, bir nechta xorijiy yordam grantlarini to‘xtatdi. Ishonchim komilki, siz mashaqqat bilan ishlab topgan soliq pullaringiz O‘zbekiston paxta sanoatida shaffoflik va javobgarlikni oshirish, Braziliya va Kolumbiyada iqlim o‘zgarishi bo‘yicha dasturlar bilan bog‘liq siyosatni ilgari surish, Indoneziya va Gvatemalada jamoaviy bitimlarni qo‘llab-quvvatlash, Kongo Demokratik Respublikasida mehnat standartlari bo‘yicha taraqqiyotni nazorat qilish kabi ishlarga sarflanayotganini ham bilmas edingiz”, dedi Lori Chaves-Deremer
Shu sababli Mehnat vaziri AQSH Prezidenti Donald Tramp ilgari surayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlab, ortiq boshqa mamlakatlarning “boshi silanmasligini” bildirgan.
“Birinchi kundan men amerikalik ishchilarni birinchi o‘ringa qo‘yish Mehnat departamentida bizning ustuvor vazifamiz bo‘lishiga va’da berdim. Prezident Trampning ko‘rsatmasi bilan biz o‘z vazifamizni bajarishda vaqtni behuda sarflamadik. Oddiy qilib aytganda, biz Amerikani oxirgi o‘ringa qo‘yadigan dasturlarni yo‘q qilyapmiz. Men Mehnat departamentidagi jamoamga pulingizni tejash uchun ko‘proq imkoniyatlarni aniqlashni buyurdim. Men isrofgarchilik, firibgarlik va suiiste’mollardan xolos bo‘lish orqali amerikalik ishchini birinchi o‘ringa qo‘yish uchun kurashishda davom etaman va bu dollarlarni ishchi kuchimizga qaytarilishini ta’minlayman”, deya va’da berdi AQSH Mehnat vaziri.
Yodingizda bo‘lsa, AQSHning yangi Prezidenti Donald Tramp hokimiyat tepasiga kelgach, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) dasturlarining 83 foizini rasman to‘xtatib qo‘ydi. Mamlakatda tashkilotning yopilishi bo‘yicha agentlik va Tramp ma’muriyati o‘rtasida murosasizlik davom etmoqda. Yaqindagina AQSHning Merilend shtati federal sudyasi Teodor Chuang ish materiallarini ko‘rib chiqqach, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) faoliyatining to‘xtatilishi noqonuniy ekani haqida xulosa chiqardi va agentlikning ishini tiklash bo‘yicha qaror qabul qildi. Ammo bu hali hammasi tugaganini anglatmaydi.
USAID O‘zbekiston Hukumatiga ko‘p yillardan buyon turli loyihalar, xususan qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ekologiya va ichimlik suvi muammolari, ayollarni ish bilan ta’minlash, biznesni rivojlantirish bo‘yicha qator loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlab kelar edi.
Yodingizda bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 11-13 mart kunlari Fransiyaga amalga oshirgan tashrifi doirasida uran bo‘yicha kelishuvlar imzolangandi. Tugayotgan haftada esa O‘zbekiston bir yil davomida Fransiyaga uran yetkazib berish uchun Qozog‘iston kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston kompaniyasi 500 konteyner uran konsentratini Sankt-Peterburg orqali Fransiyaga yetkazib beradi. Tashish Sankt-Peterburg portidan yuk jo‘natilgan kundan boshlab 15 kun mobaynida amalga oshirilishi lozim.
Shartnoma uchun dastlabki narx 11 million yevroni tashkil etgan. Keyinchalik mazkur summa kamaytirilgan. Uran 2026 yilning birinchi choragi oxirigacha tashiladi.
LiveBarchasi
Trenddagilar



