Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Jamiyat

image

Bugun, 5 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyanni qabul qildi va mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilingan. Markaz O‘zbekistonning Xitoy bilan ko‘p qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shayotgani qayd etilgan.

Birgalikda infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va “yashil” sanoatda qator loyihalar amalga oshirilgan. Geologiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ziyod loyihalar ishlab chiqilmoqda. Ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etilgan. 1984 yilda tashkil etilgan markaz dunyoning 160 dan ortiq mamlakati bilan madaniy, ilmiy va ma’rifiy aloqalar o‘rnatgan. Uchta xalqaro vakolatxonasi mavjud.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Muzokaralar davomida amaliy hamkorlikni kengaytirish, energetika sohasida zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yechimlarini joriy etishga qaratilgan o‘zaro manfaatli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalari muhokama qilingan.

Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonda loyihalar amalga oshirishga qiziqishi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. Birgina joriy yilda Xitoydan 15 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan, qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli esa qariyb 90 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida energetika sohasiga alohida e’tibor qaratilgan. Xitoylik sheriklar ishtirokida umumiy quvvati qariyb 10 gigavatt, qiymati 9 milliard dollardan ortiq 30 dan ziyod loyihalar amalga oshirilmoqda. Bugun qo‘shimcha ravishda qariyb 2 milliard dollarlik 14 ta loyiha ishga tushirilgan.

China Datang kompaniyasi prezidenti Djou Yuanlong bilan mavjud fotoelektr stansiyalarini kengaytirish, yangilarini qurish va qo‘shimcha saqlash quvvatlarini barpo etish rejalari muhokama qilingan. Kompaniyaning kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ochish, qishloq xo‘jaligi va chorvachilikda qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlangan.

China Energy Engineering Corporation kompaniyasi rahbari Syu Lyu bilan suhbatda O‘zbekiston hududlarida quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlar yuqori baholangan. Muqobil energetika va yuqori kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish loyihalarini ilgari surish muhimligi ta’kidlangan.

Sinoma Energy kompaniyasi raisi Men Sinlin shamol elektr stansiyasi hamda shamol turbinalari uchun parraklarni mahalliylashtirish uchun zavod qurilishining borishi haqida axborot bergan. Shuningdek, kimyo va qurilish sanoatida chiqindilarni tozalash bo‘yicha kompaniya taklif etayotgan texnologik yechimlar yuzasidan fikr almashilgan. Ushbu loyihalarga doir ishlarni jadallashtirish zarurligi ta’kidlangan.
 
Universal Energy kompaniyasi bosh direktori Nan Yi bilan O‘zbekiston hududlarida shamol elektr stansiyalari qurilishini jadallashtirish choralari muhokama qilingan.

China General Technology kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Kan Xubyao bilan yangi ishga tushirilgan kogeneratsiya stansiyasini samarali ishlatish muhokama qilingan. Kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

O‘zbekiston rahbari Poly Changda Engineering kompaniyasi bosh direktori Myao Szechunning kelgusi yilda bugun ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasining mantiqiy davomi sifatida energiya saqlash tizimini qurish bo‘yicha rejalarini qo‘llab-quvvatlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy, shuningdek, Turkiya Respublikasi Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor va Qirg‘iz Respublikasi Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xitoy Long Yuysyan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing