Putinning O‘zbekistonga tashrifi rasman e’lon qilindi

Jamiyat

image
Putin nega kelyapti? north_east

Putin nega kelyapti?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 26–27 may kunlari davlat tashrifi bilan Toshkentda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif dasturida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Bo‘lajak uchrashuv kun tartibidan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari o‘rin olgan.

"Amaliy hamkorlikni kengaytirishga, eng avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, innovatsion hamkorlik dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi", deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, sammit yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, davlat rahbarlari O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.

"Tashrif arafasida Toshkent shahrida bir qator qo‘shma tadbirlar – yetakchi muhandislik-texnika oliy o‘quv yurtlari rektorlarining uchrashuvi, tibbiyot ilmiy-amaliy konferensiyasi va Rus san’ati haftaligi bo‘lib o‘tayotganini ta’kidlash joiz", deyiladi xabarda.

Kreml matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, muzokaralar davomida dolzarb mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 21 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Rossiya rahbari bilan Qozonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida Putinning saylovdan keyingi dastlabki tashriflardan biri O‘zbekistonga bo‘lishini, ushbu tashrifga “juda jiddiy” tayyorgarlik ko‘rayotganini aytgandi. Putinning saylovdan keyingi ilk xorijiy safari 16-17 may kunlari Xitoyda bo‘ldi. Kecha, 23 may kuni u Belarusga bordi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Putin Toshkentga kelganida qayerlarga borishi ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Shavkat Mirziyoev O'zbekiston Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing