Putin nega kelyapti?

Tahlil

Bir necha kundan buyon Toshkent bo‘ylab yo‘llarni ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bu poytaxtdagi odatiy bunyodkorlik ishlari emas, balki Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning O‘zbekistonga tashrifi bahonasida amalga oshirayotgan tayyorgarlik ishlaridir.

Tahririyatdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Olmazor tumanidagi G‘alaba bog‘i va Islom sivilizatsiyasi markaziga kelishi kutilmoqda.

Ayni paytda ushbu manzillarga olib boruvchi yo‘llar ta’mirlanmoqda, ko‘chatlar va gullar o‘tqazilmoqda, yashash xonadonlarigacha ta’mirlanib, Prezidentlar tashrifiga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Putin kelayotgani rasman ochiqlanmagan bo‘lishiga qaramay, Toshkent bo‘ylab olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari tez kunlarda poytaxtga martabali mehmon kelishidan darak bermoqda. 

Poytaxt hokimligi 20 may kuni Toshkent shahridagi keng ko‘lamli ta’mirlash va rekonstruksiya ishlari doirasida Qorasaroy va Nurafshon ko‘chalari kesishmasidan Abdulla Qodiriy ko‘chasi kesishmasigacha; Kichik halqa avtomobil yo‘li Nurafshon ko‘chasi kesishmasidan Qorasaroy ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan ko‘chalar vaqtincha yopilishi haqida ma’lumot bergandi. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin O‘zbekistonga kelayotgani haqida hozircha rasmiy idoralar sukut saqlamoqda. QALAMPIR.UZ manbasi Putinning O‘zbekistonga tashrifi joriy yilning 26 mayiga rejalashtirilganini aytmoqda.  

Tahririyat tashrif amalga oshirilishi haqidagi xabarni tasdiqlatish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik mas’ullari buni aniqlashtirib, so‘ng aloqaga chiqishlarini ma’lum qilishdi. 

21 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. 

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, ikki yetakchi muloqotda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari haqida suhbatlashgan. Lekin O‘zbekiston tomoni Putinning tashrifi haqida so‘z ochmagan.  

O‘z navbatida, Kreml matbuot xizmati bergan bayonotda Prezidentlar suhbat davomida Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lajak davlat tashrifiga tayyorgarlikning borishini muhokama qilgani aytilgan. Tashrifning qachon ekani haqida esa aniq ma’lumot yo‘q.

Yodingizda bo‘lsa, shu yilning fevral oyida O‘zbekiston rahbari Qozonga bo‘lgan tashrifi davomida Vladimir Putin bilan uchrashgan edi. Saylov oldidan Rossiya yetakchisining g‘alabasiga ishonishini aytgan Mirziyoyev Putinga qarata “biz kelishib olganimizdek, dastlabki tashriflardan biri O‘zbekistonga bo‘ladi”, degan edi o‘shanda.  

Mirziyoyev ushbu tashrifga “juda jiddiy” tayyorgarlik ko‘rayotgani va jamoasiga  bu tashrif har doimgidek tarixiy, barcha sohalarga oid voqealarga boy bo‘lishi kerakligini aytgani haqida gapirgandi. 

7 may kuni 6 yillik prezidentlik davri uchun qasamyod qabul qilgan Vladimir Putinning ilk tashrifi Mirziyoyev bilan kelishganidek O‘zbekistonga emas, balki  Xitoy Xalq Respublikasiga bo‘ldi. 

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin oxirgi marta O‘zbekistonga 2022 yilning 15 sentyabr kuni kelgan edi. O‘shanda ushbu tashrif ham amaliy (SHHT sammiti doirasida), ham rasmiy ko‘rinish kasb etgandi. Prezidentlar O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan. 

Shavkat Mirziyoyev esa so‘nggi bor joriy yilning 8-9 may kunlari amaliy tashrif bilan Rossiyada bo‘lgan edi. So‘nggi rasmiy tashrifni esa 2023 yilning 5-7 oktyabr kunlari amalga oshirgan. O‘shanda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan birgalikda Rossiyadan Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berilishiga start berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made