Putin javob sanksiyalari to‘g‘risidagi farmonni imzoladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH va unga qo‘shilgan xorij davlatlari hamda xalqaro tashkilotlarning nodo‘stona xatti-harakatlari munosabati bilan maxsus iqtisodiy choralar qo‘llash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Hujjat kuchga kirdi, uning matni Kreml veb-saytida e’lon qilindi.

Boshqa narsalar qatorida, 1 martdan boshlab Rossiya rezidentlari:

  • xorij valyutasini xorijdagi banklar va moliya tashkilotlarida ochilgan hisobraqam va omonatlariga o‘tkaza olmaydi;
  • xorijdagi to‘lov xizmati ko‘rsatuvchilar (bank hisobraqamini ochmasdan) elektron to‘lov vositalaridan foydalangan holda pul o‘tkazmalarini amalga oshira olmaydi;
  • qarz shartnomalari bo‘yicha norezidentlarga xorij valyutasini o‘tkaza olmaydi;
  • eksport qiluvchilar tomonidan chet el valyutasini sotish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi.

Bundan tashqari, Rossiya rezidentlari – tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari – norezidentlarga tovar sotish va xizmat ko‘rsatishdan o‘z hisoblariga tushgan valyutaning 80 foizini sotishlari shart. Bu talablar farmon kuchga kirgan kundan uch kundan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

622

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing