Putin urushga Yaqin Sharqdan ko‘ngillilar olib kelishga ruxsat berdi

Olam

image

Rossiya Ukrainadagi urushga ko‘ngillilarni ham jalb qilmoqchi. Prezident Vladimir Putin bu taklifni ma’qulladi, deb xabar berdi RIA Novosti.

“Agar siz ixtiyoriy ravishda, ayniqsa pul uchun emas, balki Donbassda yashovchi odamlarga yordam berishni xohlayotgan odamlar borligini ko‘rsangiz, ularga harbiy harakatlar zonasiga yetib olishiga yordam berishingiz kerak”, degan u Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari bilan uchrashuvda.

Putinning so‘zlariga ko‘ra, “G‘arbdagi homiylar” mojaroda qatnashish uchun yollanma askar yig‘ayotganini yashirmayapti – “ular buni xalqaro huquqning barcha normalarini mensimay, ochiqchasiga qilyapti”.

Bundan oldin Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba shu haftada mamlakatga Kiyev tomonidagi mojaroda qatnashmoqchi bo‘lgan xorijliklardan 20 ming ariza kelib tushganini aytgandi. Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu bugungi uchrashuvda DXR va LXR rasmiylariga 16 mingdan ortiq shunga o‘xshash so‘rovlar kelib tushganini ta’kidladi, ularning aksariyati Yaqin Sharq davlatlaridan.

Keyinroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov rossiyalik ko‘ngillilarni yuborish haqida gap bo‘lmaganini aytib, aniqlik kiritgan.

“Umuman olganda, ko‘ngillilar oqimi bor, bizda yollanma askarlar bor, harbiylarimizga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun Ukrainaga kelgan juda ko‘p pullik yollanma askarlar. Ayni paytda, ularning fikricha, aslida milliy ozodlik kurashida bepul ishtirok etish istagida bo‘lgan ko‘ngillilardan arizalar tushmoqda”, degan Prezident matbuot kotibi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

80

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing