Putin Ukrainadan don eksport qilish yo‘llarini aytdi

Olam

image

Rossiyaning Ukrainadan don olib ketishga to‘sqinlik qilib, oziq-ovqat inqiroziga yo‘l ochayotgani haqidagi bayonotlar uydirma. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin shunday fikr bildirdi.

Rossiya Prezidentining “Moskva. Kreml. Putin” dasturiga bergan intervyusida ta’kidlashicha, jahon oziq-ovqat bozoridagi noqulay vaziyat Rossiyaning Ukrainadagi “maxsus operatsiyasi”dan oldin ham, ya’ni 2020 yilda “koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurash jarayonida” shakllana boshlagan.

“Biz hozir jahon oziq-ovqat bozorida sodir bo‘layotgan voqealar, ushbu bozorda yuzaga kelayotgan muammolar uchun javobgarlikni Rossiya zimmasiga yuklashga urinishlarni ko‘rmoqdamiz. Bu, xalqimiz aytganidek, bu muammolarni kasal boshdan sog‘lom boshga o‘tkazishga urinishdir”, deydi Putin.

RF Prezidenti donni eksport qilishning bir qancha usullarini aytib o‘tgan. Birinchidan, Ukraina nazoratidagi Nikolayev va Odessa portlaridan foydalanishi mumkin, faqat buning uchun ular port atrofini minalardan tozalashi kerak.

“Biz minalardan tozalash jarayonidan dengiz orqali hujum qilish uchun foydalanmaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Bundan tashqari, u urush boshlanganidan keyin Rossiya tomonidan bosib olingan Berdyansk va Mariupol portlaridan hech qanday shartlarsiz foydalanishni taklif qildi.

“Biz tinch o‘tishni ta’minlaymiz, bu portlarga yaqinlashish xavfsizligini kafolatlaymiz, xorijiy kemalarning kirib kelishi va ularning harakatlanishini ta’minlaymiz”, deydi Putin.

Bundan tashqari, Dunay bo‘ylab Vengriya, Ruminiya yoki Polsha orqali g‘alla eksport qilish mumkin, deydi u. Putinning so‘zlariga ko‘ra, eng oson va eng arzon variant, g‘allani Belarus orqali eksport qilishdir. Ammo buning uchun Belarusga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilish kerak, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya yetakchisi.

“Shunday qilib, Ukrainadan g‘alla eksporti bilan bog‘liq muammolar yo‘q”, deya xulosa qilgan Rossiya rahbari.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

29

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing