Putin, Shoygu va Lavrov... Zelenskiy Ukraina dushmanlariga sanksiyalar joriy qildi
Olam
−
09 iyun 2022
10846Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga qarshi sanksiyalar joriy qildi. U tegishli farmonni bugun, 9 iyun kuni imzolagan.
Ukraina sanksiyalari ro‘yxatidan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov, Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev, Ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsev va Rossiya hukumatining boshqa a’zolari ham joy olgan.
Ro‘yxatga jami 35 kishi, jumladan, Bosh vazir Mixail Mishustin, Bosh vazir o‘rinbosarlari Andrey Belousov, Dmitriy Grigorenko, Marat Xusnullin, Dmitriy Chernishenko, Yuriy Borisov, Viktoriya Abramchenko, Tatyana Golikova, Yuriy Trutnev kiritilgan.
Ukraina Prezidenti yana bir farmon bilan 261 nafar Rossiya oliy o‘quv yurtlari va ta’lim muassasalari, jumladan, Moskva davlat universiteti va MGIMO rahbarlariga nisbatan sanksiyalar qo‘lladi. Bundan tashqari, Rossiyaning 236 ta universiteti sanksiyalar ostida qoldi.
Sanksiyalar cheksiz muddatga joriy etildi, ular Ukrainadagi barcha mablag‘lar va aktivlarni blokirovka qilishni, shuningdek, bitimlar tuzish va mamlakatdagi yer hamda ko‘chmas mulkka egalik qilishni taqiqlashni nazarda tutadi.
Fevral oyi oxiridan boshlab ko‘plab davlatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalarni joriy qildi. Putin, Lavrov va Shoygu, shuningdek, ularning yaqinlari Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, AQSH, Kanada, Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiya tomonidan sanksiyalar ostida qoldi.
Shuningdek, ko‘plab hukumat va parlament a’zolari va davlat ommaviy axborot vositalari bilan aloqador jurnalistlarga ham cheklovlar qo‘yildi. Rossiyalik ishbilarmonlar, sanoat va tadqiqot kompaniyalari, aviatashuvchilar va banklarga nisbatan sanksiyalar joriy etildi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.