Putin ruslarga Xersondan chekinishni taqiqladi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin so‘nggi haftalarda Ukrainaga qarshi urushni to‘g‘ridan-to‘g‘ri strategik rejalashtirish bilan shug‘ullangan va boshqa narsalar qatori harbiy qo‘mondonlarning Xersondan chekinishga ruxsat berish haqidagi iltimoslarini rad etgan. Bu haqda “The New York Times” gazetasi xabar berdi.

Nashrning Amerika ma’muriyati vakillariga tayanib yozishicha, ular shaxsiy tarkib va harbiy texnikani saqlab qolish uchun shaharni tark etib, uyushqoqlik bilan Dnepr orqasiga chekinishni taklif qilishgan.

“Ammo bunday chekinish Putinning urushdagi mag‘lubiyatini yana bir bor ommaviy tan olish va Ukrainaning bir oydagi ikkinchi yirik g‘alabasi bo‘lardi. Xerson bosqinning dastlabki bosqichida ruslar tomonidan bosib olingan birinchi yirik shahar bo‘lib, Moskva nazorati ostidagi yagona mintaqaviy markaz bo‘lib qolmoqda. Uning qaytishi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy uchun katta yutuq bo‘lardi.

NYT’ning o‘ta maxfiy razvedka ma’lumotlari bilan tanish manbalariga ko‘ra, Putinning Xersondan askarlarini olib chiqishdan bosh tortgani asosan ta’minot liniyalari va Dnepr bo‘ylab asosiy guruhdan uzilib qolgan rus qo‘shinlarining ma’naviy holatining pasayishiga olib kelgan.

AQSH rasmiylariga ko‘ra, Putin va uning generallari o‘rtasidagi Xersondagi front chizig‘i bo‘yicha kelishmovchiliklar Ukraina janubidagi vaziyat urushayotgan tomonlar uchun qanchalik og‘ir ekanini ko‘rsatadi. Ukraina shimoli-sharqida so‘nggi yutuqlarga erishganiga qaramay, Xerson atrofidagi hudud Kiyev va Moskva uchun katta strategik ahamiyatga ega bo‘lgan muhim operatsiyalar sahnasidir, deb yozadi gazeta.

Agar Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiya qo‘shinlarini yana ham orqaga surib tashlasa, Putin qurilishi uchun juda ko‘p kuch sarflagan Qrim ko‘prigi tahdid ostida qoladi, deya ta’kidlaydi gazeta.

O‘tgan yozda Ukraina harbiylari Xersondagi Dneprdan o‘tuvchi yagona avtomobil ko‘prigiga bir necha bor raketa hujumlarini uyushtirgan, natijada u jiddiy shikastlangan va transport harakati uchun yopilgan. Taxminlarga ko‘ra, zarbalar Amerikaning HIMARS yalpi reaktiv hujum tizimlaridan berilgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

56

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing