Putin Rahmon va Japarovga ham AQSH bilan aloqasi haqida ma’lumot berdi
Olam
−
11 avgust 5688 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 10 avgust kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga telefon orqali muloqot chog‘ida 6 avgust kuni AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunlari haqida ma’lum qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbat chog‘ida Vladimir Putin Imomali Rahmonning e’tiborini Alyaskada AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish kelishuviga qaratgan.
“Imomali Rahmon Ukraina inqirozini uzoq muddatli tartibga solishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi”, deyiladi Kreml bayonotida.
Bundan tashqari, suhbat chog‘ida Rossiya va Tojikiston Prezidentlari ikki tomonlama kun tartibining dolzarb masalalari hamda MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisiga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga to‘xtalgan.
Sadir Japarov ham Rossiya-Amerika muloqotining rivojlanishi hamda Ukraina inqirozini siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan qadamlarni olqishlagan. U Putin bilan savdo-iqtisodiy sohadagi ikki tomonlama hamkorlikning bir qator dolzarb masalalari, shuningdek, integratsiya birlashmalari, jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi amaldagi raislik qilayotgan KXSHT doirasidagi o‘zaro hamkorlikning bir qator dolzarb masalalarini muhokama qilgan.
Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati xabar berishicha, suhbat chog‘ida Vladimir Putin va Imomali Rahmon ikki tomonlama formatda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarni ham muhokama qilgan.
Japarovning matbuot xizmati aavlat rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashgani, xalqaro va mintaqaviy birlashmalar doirasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 6 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan uchrashuv o‘tkazdi. Keyinchalik Donald Tramp va Vladimir Putin 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida uchrashib, Ukrainadagi urush kelajagini muhokama qiladigan bo‘ldi. Bu orada esa 8 avgust kuni Putin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Xitoy rahbari Si Szinpin hamda Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan ham telefon orqali suhbat o‘tkazdi. Putin deyarli barcha suhbatlarida 6 avgust kuni Moskva shahrida AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan o‘tkazilgan muzokaralarning asosiy natijalari haqida ma’lumot bergan.
Live
Barchasi