To‘qayev Zelenskiyga muhim maslahat berdi
Olam
−
10 avgust 32565 2 daqiqa
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Aqorda matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Ukraina tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan. To‘qayev qozoq xalqi Ukraina xalqi, uning tarixi, madaniyati va tilini chin dildan hurmat qilishini ta’kidladi. U Qozog‘iston Ukrainada xalqaro huquq tamoyillari asosida mustahkam tinchlik o‘rnatishdan so‘zsiz manfaatdor ekanini tasdiqladi.
Xususan, Prezident Ostona dastlab adolat asosida tinchlik formulasini birgalikda izlash tarafdori bo‘lganini, BMT Nizomiga rioya qilish, suveren davlatlarning chegaralari daxlsizligi va ularning hududiy yaxlitligi tarafdori sifatida izchil chiqish qilganini eslatdi.
Qosim-Jomart To‘qayevga ko‘ra, hozirgi o‘ta og‘ir vaziyatda Ukraina davlatchiligining saqlanishi va himoya qilinishini ta’minlagan holda, mojaroning yechimiga muvozanatli va oqilona yondashish muhim. Uning fikricha, barcha tomonlar “yaxshi janjaldan yomon tinchlik yaxshidir” degan qadimiy hikmatga muvofiq harakat qilishlari kerak.
Davlat rahbari hududiy muammo qanchalik murakkab ekanini, bu xalqaro munosabatlardagi eng murakkab muammo ekanini, ko‘pincha tinchlik va hatto sulh kelishuviga erishish yo‘lidagi yengib bo‘lmas to‘siqga aylanib borayotganini alohida ta’kidladi.
“Ammo hozir asosiy ustuvor vazifa Ukraina xavfsizligining mustahkam xalqaro kafolatlari asosida Ukraina davlatchiligini saqlab qolishdir”, degan To‘qayev.
Shuningdek, Qozog‘iston Ukraina bilan tomonlarni qiziqtirgan turli sohalarda faol hamkorlikni davom ettirish niyatida ekani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, 8 avgust kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Putin To‘qayev bilan Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi ittifoqchilik masalalarini muhokama qilgan. Shu bilan birga, Kreml rahbari To‘qayevga AQSH va Ukraina inqirozini hal etish masalalari bo‘yicha olib borilayotgan muloqot jarayoni haqida, jumladan, yaqinda AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvning asosiy natijalari xususida ma’lumot bergan.
Live
Barchasi