Putin asirlarni almashtirish taklifiga munosabat bildirdi

Olam

image

Rossiya Ukraina bilan asirlarni almashish masalasida muzokaraga tayyor. Bu haqda Prezident Vladimir Putin Avstriya kansleri Karl Nexammer bilan telefon orqali muloqot chog‘ida aytgan, deya xabar berdi OE24.

Nexammerning so‘zlariga ko‘ra, Putin harbiy asirlarni almashishda Qizil Xoch tashkiloti ishtirok etishi kerak, deb hisoblagan.

Kanslerning ta’kidlashicha, Rossiya rahbari bilan suhbatda Ukraina portlari orqali gumanitar yordam ko‘rsatish va eksport qilish masalasi ham muhokama qilingan. Yana bir mavzu mahbuslar almashinuvi bo‘lgan, deb yozmoqda “Kurier” nashri. 

“Putin mahbuslarni almashish bo‘yicha sa’y-harakatlar kuchaytirilishini va tez orada bunday almashish amalga oshishi mumkinligini aytdi”, degan Nexammer.

Unga ko‘ra, Putin Rossiya gaz yetkazib berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishiga va’da bergan. Nexammer agar “Gazprom Xaydaxdagi yerosti gaz omboridan foydalanmasa, Avstriya uni boshqa kompaniyalarga taklif qilishi haqida ogohlantirgan.

“Suhbat juda qizg‘in, juda jiddiy bo‘ldi va bu mojarolarni hal qilish yo‘lidagi yana bir qadam”, deya xulosa qilgan Nexammer.

Kreml Matbuot xizmati Vena va Moskva global oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq masalalar yuzasidan fikr almashganini qayd etdi.

“Vladimir Putin jahon bozorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berishdagi qiyinchiliklar uchun javobgarlikni Rossiya zimmasiga yuklashga urinishlar asossiz ekanligini ta’kidladi”, deyiladi xabarda.

Putin, shuningdek, Ukraina bloklangan kemalarning erkin o‘tishi uchun dengiz portlarini tozalashi kerakligiga e’tibor qaratgan.

Avvalroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘li harbiy asirlarni almashish borasidagi Rossiya va Ukraina muzokaralari davom etayotganini, ammo qolgan masalalar yuzasidan muhokamalar to‘xtab qolganini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 21 may kuni Rossiya “Azovstal” zavodi hududi butunlay rus qo‘shinlari nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. Rossiya Mudofaa vazirligi 20 may kun davomida zavodda bo‘lgan 531 kishidan iborat so‘nggi guruh taslim bo‘lgani, jami esa 2439 kishi qurolini tashlaganini ma’lum qildi. 

Ma’lumot o‘rnida, “Azovstal” zavodida nazoratni ushlab turgan ukrain harbiylari 16 may kuni taslim bo‘lishni boshladi. O‘sha vaqtga qadar, bir yarim oydan ko‘proq vaqt davomida zavod Mariupoldagi rus qo‘shinlariga qarshilik ko‘rsatadigan yagona ob’ekt bo‘lib turdi.

Harbiylarning o‘zlari, taslim bo‘lish boshlanishidan oldin, qo‘mondonlik buyrug‘iga rioya qilayotganini ta’kidladi. Ukraina hukumati “evakuatsiya operatsiyasi”ga ishora qilib, “taslim bo‘lish” iborasidan qochdi va “Azovstal” harbiylari asirga olingan ruslarga almashtirilishini aytdi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

14

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing