Prezident Xorazmdan Toshkentga qaytib keldi. Safar tafsilotlari qanday?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni Xorazm viloyatiga jo‘nab ketgan edi. Ikki kun mobaynida Prezident viloyatdagi bunyodkorlik, qishloq xo‘jaligi va tadbirkorlik bo‘yicha bajarilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 dekabr kuni Xorazm safarini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifini Xonqa tumanidagi innovatsion issiqxonadan boshladi. Bu yerda “Red Star Oxus” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan 205 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga tashkil etilgan, “beshinchi avlod” texnologiyasiga ega issiqxona faoliyati bilan tanishdi.

Shundan so‘ng, Prezident Urganchdagi Germaniya, Italiya, Turkiya kabi davlatlardan keltirilgan tikuvchilik dastgohlari bilan jihozlangan texnoparkda bo‘ldi

Bugun, 13 dekabr kuni Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida Xorazm viloyati faollari va tarmoqlar mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdi.

“Xorazmga bu yil ikkinchi marta kelyapmiz. Maqsad – sizlarning ko‘zlaringizga qarab, viloyatdagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, yana nima imkoniyatlar bor, qanday tartib, qanday ko‘mak kerak, nima natija bo‘ladi, degan savollarni qo‘yib muloqot qilish. Balandparvoz gaplar bilan iqtisodiyotni yuritib bo‘lmaydi. Muammoni bilsak, qaror to‘g‘ri, adolatli bo‘ladi” dedi Prezident.

Shavkat Mirziyoyev viloyati faollari va tarmoqlar mutasaddilari ishtirokidagi yig‘ilish Amudaryo ustida Xorazmni Qoraqalpog‘iston bilan bog‘laydigan ko‘prik qurilishini ma’lum qildi.

“Qiyin davrda, murakkab sharoitda yashayapmiz. Ana shu sharoitda har bir tuman, har bir mahallaning o‘z o‘rni, marralari bor. Xorazmning marrasi baland bo‘lishi kerak”, deydi Prezident.

Shuningdek, ushbu yig‘ilishda Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanidan Shovot tumanigacha 79 kilometrlik temir yo‘l qurilishini ma’lum qildi.

Safar so‘nggida Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrining Xonqa ko‘chasida bunyod etilayotgan ko‘p qavatli uylarni borib ko‘rdi.

Xabarga ko‘ra, Prezident uyning shourumini kirib ko‘rgan. Mebellar, muhandislik tarmoqlarining sifatiga e’tibor qaratgan. Ko‘p qavatli uylarga malakali xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xorazm

Baholaganlar

206

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing