Prezident Qozog‘iston Bosh vazirini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun mamlakatda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailovni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida Qozog‘iston Bosh vaziri O‘zbekiston yetakchisiga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

“Oliy darajada erishilgan, shu jumladan tovar ayirboshlashni oshirish, sanoat kooperatsiyasi va logistika loyihalarini ilgari surish borasidagi kelishuvlarning to‘liq amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi”, deyiladi xabarda.

Suhbat davomida qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning samarali ishini davom ettirish muhim ekani ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, shu paytgacha Shavkat Mirziyoyev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun Toshkentda bo‘lib turgan bir qator davlat va hukumat rahbarlari, jumladan, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Anvar ul-Haq Kakar, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston yetakchisi Serdar Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Shavkat Mirziyoev O'zbekiston IHT Alixan Smailov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing