Portlash navbati ratsiyalarga. “Hizbulloh”ning 20 a’zosi halok bo‘ldi

Olam

image

Livan bo‘ylab simsiz aloqa qurilmalari portlashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 32 kishiga yetdi, 3500 dan ortiq kishi jarohatlandi. Bu haqda Livan sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Livan Fuqarolik Mudofaa Boshqarmasi Bayrut janubida, Bekaa va Jebel Livan mintaqalarida uylar, avtomobillar va korxonalarda sodir bo‘lgan portlashlar oqibatida kelib chiqqan yong‘inlarni o‘chirish ishlari olib borilayotganini qayd etdi.

Kecha, 18 sentyabr kuni “Hizbulloh”  harakat tomonidan foydalaniladigan peyjerlar portlatilganidan so‘ng, uning 12 a’zosi o‘ldirilganini aytgandi. 

Livanda amalga oshirilgan keng ko‘lamli radio portlashlaridan so‘ng “Hizbulloh” bugun, 19 sentyabr kuni o‘zining 20 nafar a’zosi halok bo‘lganini e’lon qildi. Bayonotda ularning o‘limi sabablari aytilmagan. O‘z navbatida, AFP agentligi Livan guruhiga yaqin manbalarga tayanib, uning a’zolari radiostansiyalarning portlashi oqibatida halok bo‘lganini yozmoqda. Shuningdek, bugun “Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh mazkur mavzuda bayonot berishi kutilmoqda.

Livan Bosh vaziri Najib Mikatining aytishicha, mamlakat ikki kun davom etgan peyjerlar va simsiz aloqa qurilmalari portlashlarining ikkinchi to‘lqiniga barham bergan. Uning ta’kidlashicha, yangi yaralanganlar endi shifoxonalarga yotqizilmayapti.

Mikati Livanda sodir bo‘layotgan voqealarga BMTning javobi yo‘qligidan hayratda ekanligini bildirdi. 

Ikki kun davomida, 17 va 18 sentyabr kunlari butun Livan bo‘ylab “Hizbulloh” a’zolari ishlatadigan peyjerlar, ratsiyalar va radiostansiyalarning katta portlashlari sodir bo‘ldi. Bugun portlashlardan biri kecha vafot etgan “Hizbulloh” a’zosining dafn marosimida sodir bo‘lgan. Bir kun avval Eronning Livandagi elchisi peyjer portlashi oqibatida yaralangan edi. 

Livan va “Hizbulloh” voqeada Isroilni aybladi. “Reuters” manbasining ta’kidlashicha, peyjerlar Isroil razvedka xizmati “Mossad” tomonidan "ishlab chiqarish bosqichida" o‘zgartirilgan. “Sky News Arabia” manbalariga ko‘ra, qurilmalarda detonator qopqoqlarini jihozlash uchun ishlatiladigan nitrat kislota efirini o‘z ichiga olgan portlovchi modda bo‘lgan pentayeritritol tetranitrat bo‘lgan. Taxminlarga ko‘ra, portlashlar “Mossad” batareyalar haroratini masofadan oshirganda sodir bo‘lgan.

Isroil Mudofaa vaziri Yoav Gallant bugun, 18 sentyabr kuni mamlakat Livan bilan shimoliy chegarasiga yangi kuchlarni ko‘chirayotganini, bu yerda “urushning yangi bosqichi” boshlanganini aytdi. 

"Bu jasorat, qat’iyat va matonatni talab qiladi", degan Galant Isroil havo kuchlari bazasiga tashrifi chog‘ida.

2023 yil 8 oktyabrdan buyon Isroil bilan chegarada vaziyatning keskinlashuvi tufayli halok bo‘lgan “Hizbulloh” a’zolari soni 461 nafarga yetdi.

Eslatib tamiz, oldinroi AQSH Mudofaa vazirligi ham Livanda “Hizbulloh” a’zolari tomonidan foydalaniladigan peyjerlarning ommaviy portlashiga aloqadorligini rad etgandi. CNN esa manbasiga tayanib, Isroil rasmiylari “Hizbulloh” tashkiloti a’zolariga tegishli peyjerlar va boshqa jihozlarning ketma-ket portlashidan sal oldin Qo‘shma Shtatlarni ogohlantirgani haqida xabar berdi.

Ertaga, 20 sentyabr kuni tushdan keyin Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi Livandagi voqealarni muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil Livan Hizbulloh

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing