Portlagan ombordagi tovarlar taqdiri nima bo‘ladi?
Jamiyat
−
28 Sentabr 2023
22407Bugun, 28 sentyabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida sodir bo‘lgan portlash oqibatida zarar ko‘rgan bojxona nazorati ostidagi tovarlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 14-moddasiga binoan tabiat hodisalari (zilzilalar, yer ko‘chishlari, dovullar, qurg‘oqchiliklar va hokazo) yoki yuridik va jismoniy shaxslarning xatti-harakatlariga bog‘liq bo‘lmagan boshqa holatlar sababli bojxona nazorati ostidagi tovarlarga yetkazilgan zarar, agar tovar to‘liq yaroqsiz holatga kelgan bo‘lsa, unga nisbatan iqtisodiy siyosat choralari qo‘llanilmaydi.
Gap shundaki, “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada saqlanayotgan, bojxona nazorati ostidagi tovarlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilganidan keyin, ularning portlashdan va keyinchalik yuzaga kelgan yong‘indan zararlanganlik darajasi FVV bilan hamkorlikda tuzilgan dalolatnomalar asosida bojxona rasmiylashtiruvidan qayta o‘tkaziladi va qonuniy baho beriladi.
Qo‘mitaning aniqlik kiritishicha, hozirda Sergeli tumanidagi favqulodda holat sodir bo‘lgan omborda bojxona organlari tomonidan bir qator ishlar olib borilmoqda. Xususan, maxsus ishchi guruh portlashdan zarar ko‘rgan bojxona nazoratidagi tovarlar to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazilmoqda.
Tadbirkorlarga esa zararlangan tovarlarining kelgusidagi bojxona nazorati qay tartibda amalga oshirilishi yuzasidan tushuntirish berilmoqda.
“Tadbirkorlarda ushbu holat bo‘yicha savol tug‘ilsa, 11 08 qisqa raqamli ishonch telefoni, qo‘mitaning + 998 55 502 76 00 (ichki: 74-11, 74-10, 74-05) raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan portlash oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etilgani haqida xabar berilgan edi.
Voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga olgan. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi.
“Biz bu masalani 2-3 kun ichida hal qilamiz”, degan u.
LiveBarchasi