Ukraina birvarakayiga 3 ta Ozon omborini bombaladi (video)

Olam

image

Bugun, 24 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari bir vaqtning o‘zida Rossiyaning uchta hududidagi Ozon omborlariga hujum qildi. Bu haqda “Meduza“ xabar berdi.

Qayd etilishicha, zarba Dog‘istonning Maxachqal’a, Adigeyadagi Adigeysk va Stavropol o‘lkasidagi Nevinnomissk shaharlaridagi omborlarga berilgan. Hujumlar oqibatida Maxachqal’adagi omborda yong‘in chiqib, bir necha kishi jarohatlangan.

Ozon matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Maxachqal’adagi logistika markaziga dron taxminan soat 05:00 da hujum qilgan. Kompaniya barcha tizimlar odatdagidek ishlagani va xodimlar tezkor ravishda evakuatsiya qilinganini bildirgan. Bir necha jabrlangan kishiga shifokorlar yordam ko‘rsatgan, ularning hayotiga xavf yo‘qligi aytilgan.

Omborda yong‘in boshlangan va uning faoliyati to‘xtatilgan. Ozon ushbu ombordan yetkazib berilishi kerak bo‘lgan mahsulotlarni vaqtincha vitrinadan yashirgan. Boshqa omborlardan yetkazib berish imkoni bo‘lmagan buyurtmalar bekor qilinishi, sotuvchilar uchun esa mazkur omborga yangi mahsulot yetkazib berishlar to‘xtatilishi ma’lum qilingan. Logistika yo‘nalishlari esa boshqa ob’ektlarga qayta taqsimlanmoqda.

Adigeysk va Nevinnomisskdagi Ozon omborlarida esa hujum xavfi sabab xodimlar evakuatsiya qilingan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu ob’ektlarda jabrlanganlar yo‘q, binolar va ularda saqlanayotgan mahsulotlar zarar ko‘rmagan. Shunga qaramay, favqulodda xizmatlar ishlayotgani sababli har ikki ombor ham vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan.

Adigeya rahbari Murod Kumpilov Taxtamukay tumanidagi Ozon logistika markazi hududida hujum oqibatida yong‘in yuz berganini ma’lum qilgan. Yong‘inni bartaraf etishga Favqulodda vaziyatlar vazirligi kuchlari jalb qilingan.

Stavropol o‘lkasi gubernatori Vladimir Vladimirov esa Nevinnomissk sanoat zonasiga yo‘naltirilgan dronlar hujumi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan qaytarilganini bildirgan. Mahalliy rasmiylar hujum oqibatlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot bermagan.

Shuningdek, Krasnodarda ham dronlar hujumi oqibatida xususiy bolalar markaziga dron qoldiqlari tushgani xabar qilingan. Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratevning aytishicha, hodisa oqibatida 2 nafar bola halok bo‘lgan, yana 7 nafar bola va 2 katta yoshli kishi jarohatlangan.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina dronlari joriy yilning 22 avgustga o‘tar kechasi Rossiyaning Samara viloyatidagi Ozon logistika markaziga ilk bor zarba bergandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing