Polshaga qulagan raketani Rossiya uchirganmi? Bayden dastlabki xulosalarni aytdi
Olam
−
16 noyabr 2022
14838Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Polshaga qulagan raketa Rossiyadan uchirilmagan. Bu haqda bugun, 16 noyabr kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’lum qildi.
“Bizda mavjud bo‘lgan dastlabki ma’lumotlar buni rad etadi. Tergov yakunlanmaguncha aniq ayta olmayman, ammo raketa Rossiyadan uchirilgan bo‘lishi dargumon” deydi Oq uy rahbari.
U Polshadagi voqea munosabati bilan Indoneziyaning Bali orolida dunyoning bir qator yetakchilari ishtirokida o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishdan so‘ng jurnalistlar bilan muloqot qildi.
AQSH Prezidentining qayd etishicha, uchrashuvda yetakchilar Varshavani Polshadagi portlashlarni tekshirishda qo‘llab-quvvatlashga kelishib olgan.
"Tekshiruv olib borilayotgan paytda biz birgalikda ishlaymiz va keyingi qadamlar qanday bo‘lishini hal qilamiz", deydi Amerika davlati rahbari.
Shu bilan birga, Bayden Balida G20 sammiti davom etayotgan bir paytda ham Rossiya Ukrainaning muhim infratuzilmasiga zarba berishdan to‘xtamayotganini qayd etdi.
“Rossiya qilayotgan ish mutlaqo uyatsiz”, deydi AQSH Prezidenti.
Bayden bilan uchrashuvda Germaniya kansleri Olaf Shols, Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorj Meloni, Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak, Yevropa komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen va Yevropa Kengash prezidenti Sharl Mishel ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 15 noyabr kuni tushdan keyin Rossiya armiyasi Ukrainaga yirik raketa hujumi uyushtirgan paytda Polsha hududiga ikkita raketa tushdi. Raketalar Ukraina bilan chegaradan besh kilometr uzoqlikda joylashgan Lyublin voyevodaligi (Polshadagi eng yirik ma’muriy birlik)ning Pshevoduv qishlog‘i hududiga tushgan. Hodisa oqibatida portlash yuz bergan, ikki kishi qurbon bo‘lgan.
Rossiya Federatsiyasi Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov CNN telekanaliga Polshadagi voqea haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi. Rossiya Mudofaa vazirligi esa Polsha ommaviy axborot vositalari va rasmiylarining Rossiya raketalarining Pshevoduv aholi punkti hududida qulashi haqidagi bayonotlarini "vaziyatni keskinlashtirish uchun ataylab qilingan provokatsiya" deb atadi.
LiveBarchasi