Raketa kimniki bo‘lishidan qat’i nazar Rossiya aybdor – Oq uy

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar oxir-oqibatda Polshadagi raketa hodisasi uchun Rossiya tomonini javobgar deb hisoblaydi, ammo Vashington bu Ukraina raketaga qarshi mudofaa tizimi ekani haqidagi dastlabki xulosalarga zid bo‘lgan hech qanday ma’lumotni ko‘rmayapti. Oq uy Milliy Xavfsizlik Kengashi matbuot xizmati rahbari Eydriyenn Uotson kecha, 16 noyabr kuni bergan yozma bayonotida, Vashington Kiyevning Rossiya Federatsiyasidan raketa otilgan vaziyatda o‘zini himoya qilish huquqiga ega ekanligiga ishonishini aytdi. 

“Biz [Polsha] Prezidenti Anjey Dudaning ushbu portlash, afsuski, Ukraina havo hujumidan mudofaa raketasi Polshada qulagani natijasi bo‘lgan degan dastlabki bahosiga zid bo‘lgan hech narsani ko‘rmadik”, deydi u. 

Uning qayd etishicha, yakuniy xulosalar qanday bo‘lishidan qat’i nazar, bu fojiali voqea uchun pirovardida javobgar tomon Ukrainaga raketa zarbalarini bergan Rossiya ekanligi aniq

“Ukraina o‘zini himoya qilishga haqli edi”, deydi Uotson. 

Shuningdek, Oq uy rasmiysi Polshaning professional tergov yuritishiga ishonishini bildirdi. 

“Biz Polsha hukumatining Ukraina bilan chegarasi yaqinidagi portlash bo‘yicha tergov olib borishiga to‘liq ishonamiz va ular biz buni amalga oshirishdagi professionallik va ehtiyotkorlikni qadrlaymiz”, deydi Oq uy Milliy Xavfsizlik Kengashi matbuot xizmati rahbari. 

Uotson Oq uy holat bo‘yicha ma’lumot yig‘ish jarayonida polshalik hamkasblari bilan yaqin hamkorlikda bo‘lishiga ishontirdi.

“Biz har qanday yangi ma’lumotni oshkora tarzda baholashda va ular mavjud bo‘lganda baham ko‘rishda davom etamiz. Shuningdek, biz Ukraina tomoni bilan umumiy vaziyatdagi bo‘shliqlarni to‘ldiradigan har qanday ma’lumot bo‘yicha yaqindan aloqa qilishda davom etamiz”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 noyabr kuni Polsha sharqida, Ukraina bilan chegarada joylashgan Pshevoduv (Lyublin vodiysi) qishlog‘iga raketa qulab tushdi va ikki kishi halok bo‘ldi. Mamlakat Prezidenti Anjey Dudaning so‘zlariga ko‘ra, bu Polshaga ataylab qilingan hujum emas. Varshavada ma’lum bo‘lishicha, 1970-yillarda ishlab chiqarilgan S-300 tipidagi zenit-raketa tizimining raketasi Ukraina raketaga qarshi mudofaa/havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan ishlatilgan. 

Polsha hukumati 16 noyabrga o‘tar kechasi Xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bundan tashqari, Varshava NATO, AQSH va boshqa ittifoqchilar bilan maslahatlashdi. Duda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, AQSH Prezidenti Jo Bayden va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Polsha hukumati ham turli darajadagi hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Polsha hukumati barcha xizmatlarni yuqori shay holatga keltirish va havo hududi monitoringini kuchaytirishga qaror qildi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi Polsha ommaviy axborot vositalari va rasmiylarining Rossiya raketalari qulagani haqidagi bayonotlarini provokatsiya deb atadi va Ukraina-Polsha chegarasi yaqinida Rossiya qurollarining zarbalari yo‘qligini aytdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Pol'shaga qulagan raketa

Baholaganlar

22

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing