Katta ehtimol bilan Polshaga tushgan raketa Ukrainaniki – AQSH Mudofaa vaziri

Olam

image

AQSH rasmiylarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar Polsha rasmiylarining Ukraina havo hujumidan mudofaa raketasi ushbu mamlakat hududiga qulagani haqidagi xulosalarini tasdiqlaydi. Bu haqda kecha, 16 noyabr kuni AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin ma’lum qildi. 

“Birinchidan, tergov hali ham davom etmoqda, Polsha uni olib bormoqda. Biz har tomonlama yordam bermoqdamiz. Mutaxassislarimiz u yerda, ular Polsha rahbariyatiga yordam berishmoqda”, dedi Ostin Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning raketa Ukrainaniki emasligi haqidagi so‘zlariga izoh berarkan.  

U AQSH Polshaning ushbu tergovni to‘g‘ri olib borish qobiliyatiga to‘liq ishonishini urg‘uladi.

“Tergov yakunlanmaguncha, menimcha, xulosa chiqarishga erta”, deya qo‘shimcha qildi u. 

Ostin Polshaga qulagan va ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan raketa katta ehtimol Ukrainaga tegishli bo‘lganini urg‘ulagan. 

"Tergov bo‘yicha biz o‘zimizdan o‘zib ketmaymiz. Ammo bizning ma’lumotlarimiz [Polsha] Prezidenti Anjey Dudaning avval aytgan so‘zlarini, uning dastlabki baholarini tasdiqlaydi. Bu, ehtimol, Ukraina havo hujumidan mudofaa raketasi tufayli sodir bo‘lgan”, deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 noyabr kuni Polsha sharqida, Ukraina bilan chegarada joylashgan Pshevoduv (Lyublin vodiysi) qishlog‘iga raketa qulab tushdi va ikki kishi halok bo‘ldi. Mamlakat Prezidenti Anjey Dudaning so‘zlariga ko‘ra, bu Polshaga ataylab qilingan hujum emas. Varshavada ma’lum bo‘lishicha, 1970-yillarda ishlab chiqarilgan S-300 tipidagi zenit-raketa tizimining raketasi Ukraina raketaga qarshi mudofaa/havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari tomonidan ishlatilgan. 

Polsha hukumati 16 noyabrga o‘tar kechasi Xavfsizlik va mudofaa qo‘mitasi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bundan tashqari, Varshava NATO, AQSH va boshqa ittifoqchilar bilan maslahatlashdi. Duda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, AQSH Prezidenti Jo Bayden va Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Polsha hukumati ham turli darajadagi hamkorlar bilan muzokaralar olib bormoqda. Polsha hukumati barcha xizmatlarni yuqori shay holatga keltirish va havo hududi monitoringini kuchaytirishga qaror qildi. 

Rossiya Mudofaa vazirligi Polsha ommaviy axborot vositalari va rasmiylarining Rossiya raketalari qulagani haqidagi bayonotlarini provokatsiya deb atadi va Ukraina-Polsha chegarasi yaqinida Rossiya qurollarining zarbalari yo‘qligini aytdi. 


Maqola muallifi

Teglar

Lloyd Ostin Pol'shaga qulagan raketa

Baholaganlar

67

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing