AQSH Ukrainaga harbiy yordam sifatida 500 mln dollar ajratadi

Olam

image

AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Kiyevga 500 million dollarlik (taxminan 485 million yevro) qo‘shimcha harbiy yordam paketini e’lon qildi va kelgusida ham yordam berishga va’da berdi. Bu haqda Ostin bugun, 9 yanvar kuni AQSH Harbiy-havo kuchlarining Ramshteyndagi (Germaniya) bazasida bo‘lib o‘tgan Ukraina mudofaa bo‘yicha Aloqa guruhi yig‘ilishida ma’lum qildi.

“Putinning olib borayotgan urushi butun dunyo bo‘ylab ozod odamlar uchun qiyinchilik tug‘dirmoqda. Biz hammamiz avtokratlar o‘z ambitsiyalarini erkin va suveren xalqlarning asosiy huquqlaridan ustun qo‘ymasligini ta’minlashdan manfaatdormiz”, degan o‘zining so‘nggi haftalarini yakunlayotgan Ostin.

Uchrashuvda 50 ga yaqin davlat vakillari, jumladan, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Germaniya Mudofaa vazirligi rahbari Boris Pistorius ishtirok etdi.

Yangi yordam paketiga havo hujumidan mudofaa raketalari, o‘q-dorilar va Ukrainaga topshirilgan F-16 qiruvchi samolyotlari uchun qanotli raketalar kiritilgan. Pentagon Ukrainaga harbiy yordam yanvar oyi oxirigacha yetkazilishini bildirgan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning ta’kidlashicha, Aloqa guruhida ishtirok etayotgan davlatlar shunchalik uzoq yo‘lni bosib o‘tganki, ular yaratgan mudofaa koalitsiyalarini mustahkamlashda davom etmaslik va hamma narsadan voz kechish – aqldan ozish demakdir.

“Dunyoda nima sodir bo‘lishidan qat’i nazar, hamma o‘z mamlakati shunchaki xaritadan o‘chirilmasligiga ishonch hosil qilishni xohlaydi”, degan Ukraina davlati rahbari.

Ukraina ittifoqchilarining 25-Ramshteyn uchrashuvi ikki haftadan kamroq vaqt ichida bo‘lib o‘tadigan AQSH hukumati o‘zgarishi fonida bo‘lib o‘tmoqda. AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainaga harbiy yordamni bir necha bor tanqid qilib, qisqa vaqt ichida Rossiya-Ukraina urushini tugatishi mumkinligini aytdi. AFP News'ning yozishicha, bu Kiyev va uning ittifoqchilarida Tramp Ukrainani Moskvaga jiddiy yon bosishga majbur qilishi mumkinligidan xavotir uyg‘otgan.

“Politico” nashrining yozishicha, Ostinning AQSH Mudofaa vaziri lavozimidan ketishi Ramshteyn formati doirasidagi Ukraina ittifoqchilari koalitsiyasining yemirilishiga olib kelishi mumkin, bu esa o‘z navbatida Kiyev uchun katta “zarba” bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabr oyining oxirgi kunlarida AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukrainaga qariyb 2,5 milliard dollarlik xavfsizlik yordamini e’lon qilgandi. Qo‘shimcha ravishda 1,25 milliard dollarlik harbiy yordam va 1,22 milliard dollarlik Ukrainaga xavfsizlik yordami tashabbusi (USAI) paketlari taqdim etiladi. Bu Ukraina harbiylari jang maydonida samarali foydalanayotgan qisqa muddatli imkoniyatlarni va uzoq muddatli havo hujumidan mudofaa, artilleriya va boshqa qurol tizimlari kabi zarur ta’minotni qamrab oladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Ukraina Kiev Lloyd Ostin harbiy yordam Vladimir Zelenskiyn

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing