Isroil hujumga uchragan taqdirda AQSH uni himoya qiladi – Pentagon rahbari
Olam
−
31 iyul
11897Qo‘shma Shtatlar Isroil hujumga uchrasa, unga o‘zini himoya qilishda yordam beradi. Bu haqda AQSH Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Filippindagi brifingda aytib o‘tdi.
Ostin Yaqin Sharqda yirik urush muqarrar ekaniga ishonmasligini aytdi. Uning qayd etishicha, Vashington mintaqada kuchayib borayotgan keskinlikni kamaytirishga intilmoqda.
“Men urushni muqarrar deb hisoblamayman. Diplomatiya uchun doim joy va imkoniyat borligiga ishonaman”, deydi Pentagon rahbari.
Ostindan Tehronda HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishiga izoh berish so‘ralganda, u bu mavzu bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotga ega emasligini aytdi.
Ma’lumot uchun, Ismoil Xoniya bugun, 31 iyul kuni Tehronda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonning inauguratsiya marosimida ishtirok etganidan so‘ng o‘ldirildi. Uning qo‘riqchisi Xoniya bilan birga jon berdi. Xoniya qarorgohi havo hujumiga uchradi. HAMAS buning uchun Isroilni aybladi. Isroil rasmiylari falastinlik siyosatchining o‘ldirilishi bo‘yicha izoh berishdan bosh tortdi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Amerikaning “The Wall Street Journal” gazetasi Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilishi Yaqin Sharq mintaqasida keskinlikning kuchayishiga olib kelishi mumkinligini yozgandi. AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Ismoil Xoniyaning o‘limiga AQSHning aloqasi yo‘qligini aytdi.
LiveBarchasi