Pokiston armiyasining Afg‘oniston chegarasi yaqinidagi postiga hujum uyushtirildi. Qurbonlar bor

Olam

image

Bugun, 16 mart kuni ertalab Pokiston Islom Respublikasining Afg‘oniston yaqinidagi harbiy postiga portlovchi moddalar va xudkush bombalar o‘rnatilgan mashinadan foydalangan jangarilar hujum qildi. Bu haqda Pokiston armiyasi bayonot berdi.

Qayd etilishicha, Pokiston shimoli-g‘arbida sodir bo‘lgan hodisa olti nafar hujumchi tomonidan uyushtirilgan. Hujum uchun javobgar jangari guruh nomi hali ochiqlanganicha yo‘q. Teraktda xavfsizlik kuchlarining yetti nafar xodimi halok bo‘lgan. 

“Terrorchilar postga portlovchi moslama yuklangan mashinada bostirib kirishdi, so‘ngra bir necha xudkushlik hujumi uyushtirildi, oqibatda binoning bir qismi qulab tushdi va besh kishi shahid bo‘ldi”, deyilgan bayonotda.

Bildirilishicha, yana ikki xavfsizlik kuchlari a’zosi jangarilar bilan kechgan janglarda halok bo‘lgan. Pokistonning Xaybar-Paxtunxva viloyatining Afg‘oniston bilan chegaradosh Vaziriston hududida yashovchi aholining "Reuters" agentligiga aytishicha, hujum paytida bo‘lgan portlash uy eshiklarini qo‘porib yuborgan va derazalar shikastlangan. 

Pokiston hukumati va xavfsizlik rasmiylariga ko‘ra, so‘nggi oylardan beri mamlakatda hujumlar soni urchib bormoqda, ularning aksariyati Pokiston Toliboni tomonidan sodir etilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning aprel oyida Xayber-Paxtunxva viloyatining Svat tumanida terakt sodir bo‘lgan va oqibatda sakkiz nafar politsiyachi halok bo‘lib, yana 57 kishi jarohatlangandi. Iyul oyida yana shu viloyatda portlash sodir bo‘lishi oqibatida 40 dan ortiq odam halok bo‘lgandi. Buning uchun javobgarlikni ISHID o‘z zimmasiga olgandi. Sentyabrda ham viloyatda harbiy karvonga uyushtirilgan terakt oqibatida mamlakat armiyasining to‘qqiz nafar askari halok bo‘ldi, besh nafari yaralandi. 29 sentyabr kuni viloyatning Hangu shahridagi masjidda portlash bo‘ldi. 4 noyabr kuni esa olti nafar jangari Pokiston shimoli-sharqidagi Panjob viloyatida joylashgan Mianvali shahri yaqinidagi harbiy-havo kuchlari o‘quv bazasiga hujum qilib, uchta samolyotga zarar yetkazdi. 12 dekabr kuni Pokistonning Xayber-Paxtunxva viloyati shimoli-g‘arbidagi politsiya bo‘limida yuz bergan portlashda kamida to‘rt nafar xavfsizlik kuchlari halok bo‘ldi, bir necha kishi jarohatlandi.


Maqola muallifi

Teglar

chegara Pokiston hujum

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing