Piskentda suv toshqinining oldi olindi
Jamiyat
−
28 may 2020
6819Toshkent viloyati Piskent tumani “Namuna” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi anhorning suv yo‘li to‘silib qolgan. Natijada, anhor suvi toshib chiqib yondosh hududlarga xavf tug‘dirgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 26 may kuni soat 16:00 lar atrofida Toshkent viloyati Olmaliq shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga Toshkent viloyati Piskent tumanining Olmaliq shahri bilan chegaradosh bo‘lgan “Namuna” MFY hududidan oqib o‘tuvchi anhorga daraxtlarning singan shox-shabbalari tushib, anhordagi suv yo‘lining to‘silib qolganligi natijasida suv anhor qirg‘oqlaridan toshib chiqayotganligi aniqlangan. Buning oqibatida aholi uy-joylariga xavf yuzaga kelayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga yetib borgan Olmaliq shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi qutqaruvchilari tomonidan yuzaga kelgan holatni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilgan. Anhor shox-shabbalardan tozalanib suvni aholi uy-joyiga bo‘lgan xavfi oldi olingan.
Eslatib o‘tamiz, mamlakatda so‘nggi oyda suv toshishi va sel kelishi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan. Xususan, may oyining o‘zida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani, Surxondaryo viloyatining Boysun va Oltinsoy tumani, Navoiy viloyati Zarafshon shahri, Jizzax viloyati Jizzax shahri va Sharof Rashidov, G‘allaorol hamda Zomin tumanida sel kuzatilgan. Shuningdek, Sardoba suv ombori devori buzilishida kelib chiqqan favqulodda vaziyat suv bilan bog‘liq eng katta ofatlardan biri bo‘ldi desak yanglishmaymiz.
LiveBarchasi