Nepalda yana suv balosi: 5 kishi bedarak yo‘qoldi, 49 kishi qutqarildi
Olam
−
12:57 553 2 daqiqa
Kecha, 11 oktyabr kuni ko‘chki sababli daryo o‘zani to‘silib qolishi oqibatida Nepalning markaziy qismida yuz bergan suv toshqinidan so‘ng kamida 5 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Harbiy xizmatchilar 49 kishini, jumladan, fuqaroligi noma’lum bir nafar chet ellikni qutqardi. Bu haqda “Sinxua” xabar berdi.
Qayd etilishicha, suv sathining yanada ko‘tarilishi xavfi fonida rasmiylar sohilbo‘yi aholi punktlari aholisini xavfli hududlarni tark etishga va xavfsiz hududlarga ko‘chishga chaqirgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, aholi orasida qurbonlar hozircha qayd etilmagan.
Favqulodda holatga Katmandudan taxminan 100 km g‘arbda joylashgan Gorkxa okrugining Chumnubri qishlog‘ida sodir bo‘lgan ko‘chki sabab bo‘lgan. Sirpanib tushgan tuproq massalari Budhi Gandaki daryosini to‘sib qo‘ygan, oqibatda suv qirg‘oqlaridan chiqib, oqim bo‘ylab pastda joylashgan hududlarni suv bosgan.
Suv toshqini turarjoy va transport infratuzilmasining sezilarli darajada vayron bo‘lishiga olib kelgan. Ofatlar xavfini kamaytirish milliy boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, suv oqimlari o‘ntaga yaqin uyni va ikkita osma ko‘prikni vayron qilgan. Shuningdek, gidroelektr stansiyasi lageri zarar ko‘rgan, ob’ektdagi qurilish uskunalarining bir qismini suv oqizib ketgan.
Gorkha okrugi ma’muriyati vakili Dharmendra Kumar Mishraning ma’lum qilishicha, mahalliy hokimiyat organlari daryo bo‘yidagi aholi punktlari yashovchilarini zudlik bilan evakuatsiya qilish zarurligi haqida ogohlantirgan.
Budhi Gandakining Trishuli daryosi havzasida joylashgani alohida xavotir uyg‘otmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida ushbu mintaqada yirik tabiiy ofat yuz bergan edi. O‘shanda irmoqlardan birida muzlikning o‘pirilib tushishi vayronkor suv toshqinini keltirib chiqarib, 1457 kishining hayotiga zomin bo‘lgan edi. Ushbu ofatdan so‘ng minglab odamlar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda.
Live
Barchasi