Nepal va Xitoy chegarasida dahshatli suv toshqini bo‘ldi (video)
Olam
−
26 avgust 2392 2 daqiqa
Bugun, 26 avgust kuni Nepal va Xitoy chegarasida yuz bergan kuchli va to‘satdan kelgan suv toshqini hamda ko‘chki aholi punktlari, yo‘llar, ko‘priklar va gidroenergetika ob’ektlarini vayron qildi. Bu haqda “Kathmandu Post” xabar berdi.
Bagmati provinsiyasi politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Nepalda halok bo‘lganlar soni 31 kishiga yetgan, 400 ga yaqin kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Ofat ertalab Nepalning Rasuva okrugida, Bxote-Kosi daryosi yaqinidagi Syapru-Besi va Timure hududlarida yuz bergan. Loy va suv oqimlari binolar, avtomobillar va ko‘priklarni oqizib ketgan, aholi punktlarining bir qismi qisman suv ostida qolgan. Xitoy davlat OAVlari Tibet muxtor rayonining Girong uyezdida – ko‘chki Girong chegara o‘tish joyiga yopirilgan hududda Xitoy tomonidan ham ko‘plab qurbonlar va bedarak yo‘qolganlar borligini xabar qilgan. Tibetdagi qurbonlar haqida hozircha rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmagan.
Nepal turizm boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 384 ga yaqin sayyohning qayerda ekanligi noma’lumligicha qolmoqda. Ular orasida 291 nafar xorijiy sayyoh (shu jumladan 105 nafar Hindiston fuqarosi) va 93 nafar Nepal fuqarosi bor. Alohida xabar qilinishicha, Rasuva munitsipalitetida qurilayotgan, quvvati 20 MVt bo‘lgan “Langtang-Kxola” gidroelektr stansiyasining 60 nafar xodimi ham yo‘qolgan.
Qutqaruv-qidiruv guruhlari chegaraning ikkala tomonida ham ishlamoqda, biroq suvning yuqori darajasi, vayron bo‘lgan yo‘llar va aloqadagi uzilishlar operatsiyalarni qiyinlashtirmoqda. Suv sathi balandligi sababli vertolyotlar hozircha eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlarga xavfsiz qo‘na olmayapti.
Mintaqaviy iqlim monitoringi ma’lumotlariga ko‘ra, suv toshqiniga Tibetdagi muzlik usti ko‘lining yorilib ketishi sabab bo‘lgan. Boshqa taxminlar orasida daryo yoki uning tarmog‘ini to‘sib qo‘ygan muz-tosh ko‘chkisi va undan keyin tabiiy to‘g‘onning yorib o‘tilishi ham bor.
Suv toshqini yo‘llar, ko‘priklar, aloqa va elektr ta’minoti tarmoqlariga zarar yetkazgan. Nepal Energetika vazirligining baholashicha, umumiy quvvati taxminan 430 MVt bo‘lgan gidroenergetika ob’ektlari jabr ko‘rgan – bu mamlakat o‘rnatilgan gidroenergetika quvvatining 12 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi.
Nepal Bosh vaziri xavfli hududlardan aholini balandliklarga evakuatsiya qilishga topshiriq bergan. Hokimiyat organlari ajralib qolgan hududlarga kirish qayta tiklanganidan keyin halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar soni ortishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Live
Barchasi