Nepalda yo‘qolganiga 10 kun bo‘lgan ayol janozasi o‘qilayotgan paytda topildi

Olam

image

Nepalda vayronkor sel oqibatida halok bo‘lgan deb hisoblangan Chandika Kumari Shrestxa 10 kundan so‘ng vayron bo‘lgan uyi ostida tirik holda topildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, keksa ayolning oilasi uning halok bo‘lganiga ishonib, motam marosimlarini boshlagan. Biroq qutqaruvchilar mamlakatdagi eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri – Betravati qishlog‘ida vayron bo‘lgan uyi orasidan uning ovozini eshitib, tirikligini aniqlagan.

Politsiya xodimi Mahendra Darnalning aytishicha, to‘rt qavatli uy sel oqimida oqib ketgan va uning qoldiqlari qumloq hamda loy ostida qolgan. Qutqaruvchilar hududni ko‘zdan kechirayotganda “meni qutqaring” degan ovozni eshitgan.

Manbaga ko‘ra, Shrestxani qutqarish operatsiyasi 45 daqiqa davom etgan. U vayronalar orasida havo saqlanib qolgan tor bo‘shliqda tirik qolgan va keyin harbiy gospitalga olib ketilgan.

“Men uning oilasi bilan aloqada edim va ular 11 kunlik motamni boshlab bo‘lgan edi”, degan Darnal.

Betravati seldan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri bo‘lib, yuzlab odamlar bedarak yo‘qolgan. Qishloq bozori va ko‘plab turar joy binolari, ayrimlari to‘rt qavatli bo‘lgan, vodiy bo‘ylab oqib kelgan sel va loy ostida deyarli butunlay qolib ketgan.

Qutqaruvchilar maxsus bosh kiyimlarda belkuraklar bilan vayronalarni kavlamoqda. Ayrimlari binolar qoldiqlari orasidagi tor joylarga kirib, hali tirik odamlar bor-yo‘qligini aniqlash uchun vaqti-vaqti bilan hushtak chalmoqda.

Shrestxa topilishidan besh kun avval Betravati bozoridagi bir binodan 24 kishining jasadi topilgan. Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, ularning jasadlari ancha chirib ketgan holda bo‘lgan.

Fojiaga muzlikning yemirilishi sabab bo‘lgan sellardan 11 kun o‘tganiga qaramay, Nepalda qutqaruv ishlari davom etmoqda. Mamlakat bo‘ylab ofat oqibatida 1 300 dan ortiq kishi halok bo‘lgan, qariyb 5 ming kishi hanuz bedarak hisoblanmoqda.

Ayrim hududlarda daryolar oqimi jasadlarni vayrongarchilik sodir bo‘lgan Rasuva tumanidan yuzlab kilometr uzoqlikka olib ketgan. Chitvanda esa shaxsi aniqlanmagan va qattiq chirigan jasadlar ommaviy dafn etilmoqda.

Nepaldagi sel ofati davomida g‘ayrioddiy sharoitlarda tirik qolgan boshqa odamlar ham aniqlangan. Ular orasida daraxtlarga chiqib jon saqlagan 8 yoshli bola ham bor.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepalda joriy yilning 26 avgust kuni yuz bergan muzlik qulashi va sel oqibatida gidroelektr stansiyasi tunnelida qolib ketgan ikki ishchi to‘qqiz kundan so‘ng tirik holda qutqarilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing