Peskov, Usmonov, Fridman... YeI Putinga yaqin milliarderlarga sanksiya joriy qildi

Olam

image

Yevropa Ittifoqi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin hisoblangan milliarderlarga sanksiya joriy qildi. Ular orasiga “Rosneft” rahbari Igor Sechin, USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov va boshqalar kirdi. Shuningdek, Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham sanksiya bilan siylandi.

Jami 26 nafar rossiyalik Yevropa sanksiyalari ostida qolgan, jumladan, yuqori martabali amaldorlar va harbiylar, tadbirkorlar va jurnalistlar.

Ular orasida, shuningdek, “Severstal”ning asosiy egasi Aleksey Mordashov, “Alfa-Bank” direktorlar kengashi raisi Pyotr Aven, “Alfa Group” kuzatuv kengashi rahbari Mixail Fridman, teleboshlovchilar Arkadiy Mamontov, Anton Krasovskiy, Roman Babayan, Olga Skabeyeva, Tigran Keosayan va violonchelchi Sergey Roldugin ham bor.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi SOGAZ sug‘urta kompaniyasiga cheklovlar kiritdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari mustaqilligini tan olib, Ukrainaga qo‘shin kiritganidan so‘ng G‘arb davlatlari allaqachon Rossiyaga qarshi bir necha bor sanksiyalar joriy qilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing