Payg‘ambarga nisbatan hurmatsizlik qabul qilinmaydi – Eron TIV
Olam
−
04 Sentabr 2020
15995Fransiyaning "Charlie Hebdo" satirik haftalik nashri joriy yilning 2 sentyabr kuni chop etilgan sonida 2015 yil yanvar oyida tahririyatga qilingan hujumga sabab bo‘lgan payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikaturalarini qayta nashr etgani haqida xabar bergan edik. Ayni vaqtda ushbu holat musulmon mamlakatlarining "Charlie Hebdo" tahririyati va Fransiya hukumatiga e’tiroz bildirishiga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan Eron Islom Respublikasi Fransiyaning "Charlie Hebdo " gazetasida muqaddas Islom dinining so‘nggi payg‘ambari Muhammad (s.a.v.)ning karikaturalari takroran nashr etilishini qoraladi. Eron Tashqi ishlar vazirligi so‘z erkinligi qadriyat, ammo "muqaddas payg‘ambarga nisbatan har qanday hurmatsizlik qabul qilinishi mumkin emas", degan bayonot bilan chiqdi.
Joriy yilning 2 sentyabr kuni Fransiyada ilk hujum bilan bog‘liq sud ishi boshlandi. Jurnal karikaturalarni sud oldidan e’tiborni tortish maqsadida qayta chop etgan.
Mazkur holatga nisbatan birinchilardan bo‘lib Turkiya munosabat bildirib, dindorlarga nisbatan hurmatsizlik va musulmonlarning his-tuyg‘ularini haqorat qilishning matbuot va so‘z erkinligi tushunchasi bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytib chiqdi.
O‘zi nima bo‘lgandi?
Bundan 5 yil avval "Charlie Hebdo" jurnali Muhammad (s.a.v.)ni hajv qilib chiqqani uchun, tahririyat terrorchilik harakati nishoniga aylangan edi. Unda 12 kishi qurbon bo‘ldi.
Hujum 2015 yilning 7 yanvar kuniga to‘g‘ri kelgan. Sudlanuvchilar esa, ikki nafar hujumchiga qurolli harakatni amalga oshirishda ko‘mak berganlikda ayblanmoqda. Ularning uch nafari sirtdan sudlanadi.
2015 yil 7 yanvarda aka-uka Said va Sherif Kuashilar Parijdagi "Charlie Hebdo" ofisiga qarata o‘t ochishdi. U yerda o‘n ikki kishi, jumladan sakkiz jurnalist va rassom o‘ldirilgan. Aka-ukalar 9 yanvar kuni topilgan va o‘ldirilgan. Shu kuni ularning sherigi Amed Kulibali o‘ldirildi, u 7 yanvar kuni Parijdagi do‘konda garovga olingan. Hujumlar uchun javobgarlikni "Al-Qoida" va ISHID o‘z zimmasiga olgan.
Sudda 14 gumondor hozir bo‘ldi. Xabarlarga ko‘ra, sud tinglovchi 10 noyabrga qadar davom etadi.
Bu so‘nggi uch yil ichida Fransiya hududida sodir etilgan terakt yuzasidan bo‘lib o‘tayotgan ilk mahkama jarayoni bo‘ladi.
LiveBarchasi