Parchalanib ketgan suv osti kemasidan odam qoldiqlari topildi (video)

Olam

image

Joriy yilning 18 iyun kuni yo‘qolib, keyinchalik portlab ketgani ma’lum bo‘lgan “Titan” batiskafi vayronalari orasidan odam qoldiqlari topildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.

Portlab ketgan suv osti kemasi bo‘laklari Kanadaning Nyufaundlend qirg‘og‘iga keltirildi. O‘tgan haftada sohil qo‘riqlash xizmati suv osti kemasidagi besh ekipaj a’zosi portlashda halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi. Kecha, 28 iyun kuni esa AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati “Titan” vayronalari ichidan taxminiy inson qoldiqlari topilgani haqida xabar berdi.

“Dalillar xalqaro tergovchilardan ushbu fojia sabablariga tanqidiy yondashishni talab qiladi. “Titan”ning halokatiga olib kelgan omillarni tushunish va shunga o‘xshash fojianing boshqa takrorlanmasligini ta’minlash uchun hali ko‘p ish qilish kerak”, dedi Dengiz tergov kengashi raisi Jeyson Noybauyer.

Kecha Kanadaning “Horizon Arctic” kemasi orqali “Titan”ning yirik metall bo‘laklari Sent-Jonga olib kelindi. Bu bo‘laklar kemaning oq korpusi va dengiz tubiga tushish uchun mo‘ljallangan qo‘nish moslamalarining qismlari bo‘lishi mumkin. Woods Hole Okeanografiya instituti xodimi Karl Xartsfild topilgan qoldiqlarda elektron ma’lumotlar bo‘lishi va bu “Titan” halokati sabablarini oydinlashtirishidan umid qilmoqda.

“Albatta, har qanday suv osti transportidagi barcha asboblar ma’lumotlarni yozib oladi va uzatadi”, dedi u.

Sanoat mutaxassislari uzoq vaqtdan beri kemaning dizayniga shubha bilan qarab kelgan. Rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, bu qoldiqlar kemaning eksperimental dizayni, xavfsizlik standartlari va sertifikati yo‘qligi haqidagi ushbu shubhalarni oydinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Batiskafni topishda foydalanilgan “Horizon Arctic” transport vositasiga egalik qiluvchi “Pelagis research services”  kompaniyasi kecha, 28 iyun kuni qidiruv operatsiyalari yakunlangani hakida bayonot berdi. 

“Jamoa a’zolari 10 kundan beri kecha-yu kunduz ushbu operatsiyada jismoniy va ruhiy qiyinchiliklar ostida ishlamoqda va missiyani yakunlab, yaqinlari oldiga qaytishga intilmoqda”, deyiladi kompaniya bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 iyun kuni Atlantika okeanining “Titanik” kemasi cho‘kkan qismiga ekspeditsiya uyushtirgan “Titan” suvosti kemasi g‘oyib bo‘lgan edi. Shundan so‘ng yo‘qolgan batiskafda kislorod tugagan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berildi. Keyinroq AQSH qirg‘oq qo‘riqlash xizmati qidiruv hududidan noma’lum qoldiqlar topilganini ma’lum qildi va batiskaf fojiasi sabablari bo‘yicha rasmiy tergov boshlandi. Ekipaj a’zolari esa halok bo‘lgan, деб topildi.

Sevara Husniddinova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

suv osti kemasi Titan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing