Panjsherdagi to‘qnashuvda “Tolibon”ning 300 dan ortiq jangarisi halok bo‘ldi – OAV
Olam
−
02 Sentabr 2021
13856“Tolibon” harakati o‘ziga bo‘ysunmayotgan Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlariga hujum qilishi oqibatida 300 dan ortiq jangarisini yo‘qotdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Kecha kechqurun “Tolibon”ning ikki yo‘nalishda Panjsherni egallashga urinishi oqibatida boshlangan to‘qnashuvlarda 300 dan ortiq jangari halok bo‘ldi. Yana o‘nlab toliblar yaralangan yoki asir tushgan”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, “Tolibon” mudofaa chizig‘ini yorib o‘ta olmagan va chekinishga majbur bo‘lgan.
“Tolibon”ning Panjsher gubernatori etib tayinlangan vakili Amir Xon Mottakiyning ma’lum qilishicha, harakat va qarshilik vakillari o‘rtasidagi muzokaralar muvaffaqiyatsiz yakunlangan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.
LiveBarchasi