Kaltaklangan ayollar, jabrdiyda qizlar! Afg‘on ayollari “Tolibon” hukmronligi davrida qanday yashagan?
Tahlil
−
01 Sentabr 2021
32508Xabaringiz bor, joriy yil 15 avgust kuni “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga oldi. 19 avgust kuni esa harakat mamlakatning Buyuk Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lganining 102 yilligi munosabati bilan Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
Afg‘onistonda boshqaruvni egallagan “Tolibon” harakati ilk matbuot anjumanini o‘tkazganida ayollarning shariatdagi huquqlari himoya qilinishini, ularga 20 yil avvalgidek cheklovlar joriy qilinmasligini bildirdi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: “Tolibon” birinchi marta hokimiyatga kelganida afg‘on ayollari qanday yashagan? Nega Anjelina Joli e’lon qilgan o‘smir qizning maktubida o‘tmishdagi hayot tufayli jamiyatda qo‘rquv borligi va huquqlari buzilayotganidan aziyat chekishi haqida yozilgan? Keling, biroz o‘tmishga qaytamiz!
1960-yillarda Afg‘onistonda san’at, musiqa, tasviriy san’atga e’tibor kuchayib, bolalar ta’limiga alohida e’tibor berilgan. Afg‘on ayollarining kundalik hayoti tubdan o‘zgarib, ba’zilari ofis va do‘konlarda ish topgan, ba’zilari esa dunyoviy bilimlarni egallab, oliy ma’lumotli bo‘lgan.
Ammo 1996 yilda “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelgandan so‘ng, vaziyat yomon tarafga o‘zgardi. O‘sha vaqtdan boshlab “Tolibon” o‘z nazoratidagi hududlarda islom kodeksini joriy qildi. Televizor tomosha qilishni va spirtli ichimliklar sotishni taqiqladi. San’atni bid’atning namoyishi deb bilib, milliy yodgorliklar, muzeylar, kutubxonalar, badiiy kolleksiyalarni vayron qildi, o‘n minglab filmlar va kitoblarni yoqib yubordi. Ayollarga omma oldida boshini yopib, an’anaviy musulmon libosini kiyishni, erkaklarga esa soqol qo‘yib yurishni majburiy qildi.
1996-2001 yillar oralig‘ida “Tolibon” ushbu majburiyatlarni musulmonlarning belgisi sifatida qabul qildi. Hatto soqolini qirqqan erkaklarni jarimaga tortib, ba’zilarini qamoqqa tashladi. Ularga nisbatan jinoyatchilardek munosabatda bo‘lib, rahm-shafqat ko‘rsatmadi.
“Tolibon” hukmronligi davrida mamlakat qonunni buzganlik uchun qattiq jazo choralarini qo‘lladi. Jinoyatlarning og‘irligiga qarab, odamlarni qamchilashdan tortib, oyoq-qo‘llarini kesishgacha bordi. Ba’zan o‘lim jazosini ham qo‘lladi. So‘z erkinligi deyarli yo‘q bo‘lib, hech kim o‘zi xohlagandek yashamadi. Kimdir noto‘g‘ri gapirib qo‘ysa, qattiq jazolanib, ba’zilari o‘limga ham hukm qilindi.
1996 yil 27 sentyabrda toliblar Qobulni jangsiz egallab oldi va Afg‘oniston Islom Amirligini tuzdi. Nazorat ostidagi hududda shariat qonunlarini joriy qildi. Bundan eng ko‘p aziyatni esa zaifa ayollar chekdi.
Misol uchun, 1996-2001 yillarda “Tolibon” hukmronligi davrida ayollarga jamoat joylariga borish, ishlash va ta’lim olish taqiqlangan. Ko‘chaga plash yopinmasdan chiqqan ayollar toshbo‘ron qilingan, hattoki ayovsiz kaltaklangan. Go‘zallik salonlari faoliyati taqiqlanib, pardoz qilish va tirnoqqa lak qo‘yish qattiq qoralangan. O‘z xohishi bilan burqada yurgan ayollar rag‘batlantirilgan. Chunki “Tolibon”ning 1996 yildagi farmoniga muvofiq ochiq kiyim kiygan va taqinchoqlar taqib yurgan ayollar hech qachon jannatga kirmaydi, deb hisoblangan.
Qiz bola 8 yoshga to‘lgandan boshlab to turmush qurmaguncha hech qaysi erkak bilan aloqa qilishi mumkin emas edi, faqatgina ba’zi qarindoshlar bilangina suhbatlashishga ruxsat berilgan. Shuningdek ayollarga quyidagilar taqiqlangan:
• Baland poshnali poyabzal kiyish. Chunki ayolning oyoq tovushini eshitgan erkakning jahli chiqadi;
• Jamoat joyida baland ovozda gaplashish. Notanish kishi suhbatni eshitishi mumkin;
• Birinchi qavatdagi barcha oynalarini bo‘yash/ta’mirlash shart, shundagina ko‘chadan o‘tayotgan odamlar uy ichidagi ayollarni ko‘rmaydi;
• Ayollarni rasm va videoga olish taqiqlanadi, ularning tasvirlari gazetalarda, kitoblarda, jurnallarda va hatto uyda bo‘lmasligi lozim;
• “Ayol” so‘zi mavjud bo‘lgan barcha iboralarni, masalan, “ayollar hovlisi” “bahor hovlisi”ga o‘zgarishi kerak;
• Ayollarga balkonda turish, ko‘pincha uydan chiqish ham taqiqlanadi.
• Ularga har qanday tadbirlarga, radio, televideniyada efirga uzatiladigan ko‘rsatuvlarga borish man etiladi.
• Mashina, mototsikl va velosiped haydashga ruxsat berilmaydi, hatto eri/qarindoshi hamrohligida bo‘lsa ham.
• Ular erkaklar bilan birga jamoat transportida yurmaydi, hattoki yolg‘iz taksiga ham chiqmaydi. Faqatgina yonida eri yoki qarindoshi bo‘lsagina ruxsat beriladi.
Shuningdek, ayollarning harakat erkinligiga jiddiy cheklovlar qo‘yilgan, Agar ayol eri yoki qarindoshisiz ko‘chada yursa, kaltaklangan. Ko‘pchiligi deyarli uy qamog‘ida bo‘lgan. Yolg‘iz yurgani uchun toliblar tomonidan qattiq kaltaklangan afg‘on ayoli Latifa ommaviy axborot vositalaridan biriga bergan intervyusida:
“Otam jangda o‘lgan. Erim ham, ukam yoki o‘g‘lim ham yo‘q. Yolg‘iz yurish mumkin bo‘lmasa, qanday yashashim mumkin, axir?”, degan edi.
Bunday cheklovlar, qoida tariqasida, o‘z uyi va hududida yashab ishlagan kichik qishloqlarda yashovchi ayollarning hayotiga kamroq ta’sir ko‘rsatdi. Biroq ular qo‘shni qishloqlarga bora olmasdi.
Ayollar bandligi
1996 yil 30 sentyabrda “Tolibon” ayollarga har qanday ish haqi to‘lash taqiqlanishi kerakligini e’lon qildi va hammasini ommaviy ishdan bo‘shatdi. O‘sha paytda davlat xizmatchilarining 25 foizi ayollar edi. Ularning ishdan ketishi iqtisodiyotga, boshlang‘ich ta’limga (o‘qituvchilarning aksariyati ayollar edi) salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Minglab o‘qimishli oilalar “Tolibon” shaharni egallab olganidan keyin Qobuldan Pokistonga qochib ketdi. Harakat rahbari Muhammad Umar ayol davlat xizmatchilari va o‘qituvchilariga oyiga 5 dollar nafaqa berishni taklif qildi, lekin bu faqat taklif edi
Ayollar qolishi mumkin bo‘lgan yagona ish joyi tibbiyot sohasi bo‘ldi. Unda ham faqat ayol bemorlarni davolash uchun. Shunda ham bir qator jiddiy cheklovlar bilan ruxsat berildi.
“Terre des hommes” gumanitar tashkiloti a’zosining so‘zlariga ko‘ra, Qobuldagi eng katta boshpana Taskia Muskanda toliblar hokimiyatga kelganidan so‘ng, barcha ayol xodimlar ishdan bo‘shatilgan va bu yerdan boshpana topgan 400 ga yaqin qiz bir yil davomida binodan hech qayerga chiqa olmagan.
Oradan 20 yil o‘tib, “Tolibon” harakati Afg‘onistonning barcha hududini egalladi va amalda o‘z hokimiyatini o‘rnatdi. Endi nima bo‘ladi?
“Tolibon” harakati a’zolari jurnalist va ayollarga avvalgidek zulm qilmasligini, ayollar ham ta’lim ola-olishligini, jurnalistlarni tanqid qilgani uchun jazolamasligini bildirdi. Ayollarning erkaklar hamrohligisiz uydan yolg‘iz chiqib ketishiga kafolat berdi. Qatl qilish yoki toshbo‘ron qilish kabi barcha jazolar faqat sud qarori bilan amalga oshirilishini ta’kidladi. Shuningdek, agar ayollar burqa kiysa ishlashiga ham ruxsat beradi.
Ammo bu va’dalar mamlakatning boshqa hududlarida bo‘layotgan holatlarga ziddir. Xususan, Qandahorda bankda ishlaydigan ayollarga, endi ularning ishlarini erkak qarindoshlari bajarishi aytilgan, boshqa hududlarda ayollarga yolg‘iz ko‘chaga chiqishga ruxsat berilmasligi va burqa kiyishga majburlanishlari haqida xabar berilgan.
LiveBarchasi