“Huquqlarimiz buzilayotganiga ishonamiz”. Joli afg‘on qizi maktubini dunyoga yetkazdi
Olam
−
21 avgust 2021
16069Amerikalik mashhur aktrisa va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarining maxsus elchisi Anjelina Joli Afg‘onistondagi vaziyatni hisobga olgan holda afg‘onlar haqidagi hikoyalar bilan bo‘lishish uchun Instagram’da ro‘yxatdan o‘tdi.
“Hozirda Afg‘oniston xalqi ijtimoiy tarmoqlarda erkin muloqot qilish va o‘z fikrini bildirish imkoniyatidan mahrum bo‘lmoqda. Shuning uchun, men o‘z hikoyalari va o‘z asosiy inson huquqlari uchun kurashayotgan odamlarning ovozlari bilan bo‘lishish uchun Instagram’ga kirdim”, deb yozgan u kecha, 20 avgust kuni.
Joli ijtimoiy tarmoqdagi birinchi postida afg‘onistonlik o‘smir qizning maktubini joylashtirgan. Unda “Tolibon” harakati hokimiyat tepasiga kelishi munosabati bilan jamiyat hayotidagi o‘zgarishlar haqida so‘z boradi.
Qizning so‘zlariga ko‘ra, oldin ayollar o‘z huquqlarini ochiq himoya qilishi, ishlashi va o‘qishi mumkin bo‘lgan. Hozir esa ba’zilar “Tolibon” o‘zgargan”, deb hisoblasa ham, jamiyatda qo‘rquv bor.
“Ko‘pchilik ularni o‘zgargani haqida gapiryapti. Lekin men bunga ishonmayman. Chunki, ularning juda yomon o‘tmishi bor. Biz huquqlarimiz buzilayotganiga ishonamiz”, deb yozgan qiz.
Qiz, shuningdek, darslarga oldingidek oson bora olmayotgani haqida so‘zlab, mashg‘ulotlar yopilib ketishi mumkinligi haqida o‘z xavotirini bildirgan.
Joli befarq bo‘lmaganlarni Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam ko‘rsatishga chaqirgan. Jolining ijtimoiy tarmoqdagi akkauntiga allaqachon 4,2 million kishi obuna bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” joriy yilning 15 avgust kuni butun Afg‘oniston hududini o‘z nazoratiga olganini va hukumat kuchlari bilan qurolli to‘qnashuv tugaganini xabar qildi. 19 avgust kuni esa harakat mamlakatning Buyuk Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lganining 102 yilligi munosabati bilan Afg‘onistonni Islom Amirligi, deb e’lon qildi.
2001 yil Afg‘onistonga kirgan AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlarining asosiy qismi mamlakatni tark etdi. G‘arb davlatlarining Qobulda qolgan kuchlari diplomatlarni va o‘zlariga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish bilan band. “Tolibon” siyosiy idorasi vakili Muhammad Naim Afg‘onistonda 20 yil davom etgan urush tugaganini e’lon qildi.
LiveBarchasi