Urganch va Yakkabog‘dagi mashmashalar, Prezident tashrifidan keyingi bo‘shatishlar va boshqa xabarlar
Jamiyat
−
27 iyul 2019
701527iyulda yuz bergan eng muhim voqelarning qisqacha tafsiloti.
Prezident tashrifidan keyin ikki tuman “to‘rtligi” bo‘shatildi
Samarqand viloyati Samarqand va Jomboy tumanlari 4 sektor rahbarlari ishdan olindi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Kecha, 26 iyul kuni Samarqand tumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyat faollari, sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar bilan uchrashdi. Yig‘ilishda, Samarqand tumani hokimi Shuhrat Jamolov va Jomboy tuman hokimi Umidjon Nazarov hamda qolgan 3 sektor rahbarlari egallab turgan vazifalaridan ozod etilgan.
“Humo” qushi shaklidagi aeroport bo‘yicha shveysar kompaniyasi bilan kelishildi
“Toshkent-Sharqiy ayerodrom bazasi asosida quriladigan yangi aeroport kompleksi “Humo” qushi shaklida bo‘ladi. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda Shveysariyaning “Mabetex Group” tarkibiga kiruvchi “B&A Contractors SA” va “IT Engineering SA” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda “Toshkent-Sharqiy ayerodrom bazasi asosida zamonaviy fuqarolik aviatsiyasi ayeroport kompleksini qurish” loyihasi doirasidagi “Terminal-2”ni barpo etishda hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Rossiyada o‘zbekistonliklar ketayotgan avtobus to‘xtatildi
Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kiruvchi Mordoviya Respublikasida O‘zbekiston fuqarolari ketayotgan avtobus to‘xtatildi. O‘zbekistonliklar ketayotgan avtobus “Temnikov-Barashevo-Tengushevo” avtomobil yo‘lining 11-kmda to‘xtatilgan. Mintaqaviy Davavtoinspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, “Moskva-O‘zbekiston” yo‘nalishida harakatlangan transport vositasida 60 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan. Yo‘lovchilarning migratsiya bo‘yicha qaydlarini tekshirish uchun avtobus politsiya bo‘limiga olib borilgan.
Tungi klubdagi hodisada o‘zbekistonliklar va JCH ishtirokchilari jabrlandi
Janubiy Koreyaning Kvanju shahridagi tungi klubda yuz bergan baxtsiz hodisada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi jabrlandi. Bugun, 27 iyul kuni Kvanjudagi tungi klubda osma qavat qulashi natijasida ikki kishi halok bo‘lgan va 17 nafari jarohatlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2,5 metr balandlikdagi qurilma og‘irlikni ko‘tara olmay qulagan. Guvohlarning aytishicha, qulash vaqtida osma qavatda 100 nafarga yaqin odam bo‘lgan.
Zelenskiydan Rossiya bilan aviaqatnovlarni tiklashni so‘rashdi
Ukraina aholisi Prezident Vladimir Zelenskiydan Rossiya bilan havo qatnovini tiklashni so‘radi. Petetsiya matnida ta’kidlanganidek, havo aloqalari bekor qilingani sababli, birinchi navbatda o‘z oilalarini ko‘ra olmayotgan ukrainaliklar azob chekmoqda.
Bosh vazir shahardagi shanbalikda ishtirok etib, axlat yig‘di
Qozog‘istonda “Birga-Toza Qozog‘iston” ekologik shanbaligi o‘tkazildi. Unda mamlakat Bosh vaziri Asqar Mamin boshchiligida Hukumat a’zolari, poytaxt hokimiyati xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, talabalar, ko‘ngillilardan iborat 5 mingdan ortiq hasharchilar ishtirok etib, Nur-Sulton (Ostona) shahridagi daryolar va suv omborlarini tozaladilar.
Xorazmda uyi buzilgan aholi namoyishga chiqdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Urganch shahri “Ashxobod” mahallasida yashagan va davlat manfaati uchun uyi buzilgan fuqarolar Xonqa tumaniga boruvchi avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani haqida xabarlar tarqaldi.
Mojaro ba’zilarga kompensatsiya pulining to‘lanmaganidan kelib chiqqan. Uyi buzilganiga ikki oy bo‘lgan odamlar oxiri norozilik namoyishi bilan ko‘chaga chiqqan. Kunning issig‘ida shuncha vaqtdan beri buzilgan uy evaziga berilgan chodirda yashashning o‘zi bo‘lmaydi, axir. Iloji bo‘lsa, o‘sha mas’ullar odamlarning butun boshli uyini buzib, chodir va quruq yer berib qutulib qolishga urinadi.
Bu vahshiylik! – Davletov Xorazmdagi voqealar haqida
“Bu nima degan gap? Odamlarni uyini buzib, ko‘chaga chiqarib qo‘yib kompensatsiya to‘lanmaslik, axir bu vahshiylik-ku. Bu hech qanday qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi, bu hech bir odamiylik tamoyiliga ham to‘g‘ri kelmaydi, bu O‘zbekiston tan olgan xalqaro hujjatlarga ham to‘g‘ri kelmaydi!”, deydi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Xorazmdagi voqealar haqida.
Qashqadaryo hokimi amaldorni yoqib yuborgan tadbirkor ishini hal qildi
Bugun, 27 iyul kuni Qashqadaryo viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev Yakkabog‘ tumani “Eski Yakkabog‘” qo‘rg‘onchasiga kelib, aholi bilan uchrashdi. Zafar Ro‘ziyev Yakkabog‘ tumani hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayevga benzin sepib, yoqib yuborgan tadbirkor Bahriddin Isomovning rafiqasi Nodira Haydarova hamda farzandi Sharofiddin Daminov bilan yakka tartibda muloqot o‘tkazgan.
Moskvada namoyish. 400 nafardan ortiq odam hibsga olindi (video)
Bugun, 27 iyul kuni Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida norozilik aksiyasi o‘tkazilyapti. Namoyishchilar Moskva shahar dumasi uchun saylovlarga mustaqil nomzodlarni ro‘yxatga olishni talab qilyapti. Namoyish shahar meriyasi yonida Tver ko‘chasi va shu nomdagi maydonda shahar ma’muriyati hamda politsiya bilan kelishilmagan holda o‘tkazilyapti. Aksiya mahalliy vaqt bilan 14:00 da boshlangan va hozirgacha 435 nafardan ortiq odam hibsga olingan.
Yakkabog‘ hokimi va uning yoqib yuborilgan o‘rinbosari ishdan olindi
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani hokimi Shohmurod Donayev, prokurori Jamshid Xalilov va tadbirkor bilan yuz bergan mojaro qahramoni – hokim o‘rinbosari Mansur Tuymayev lavozimidan ozod qilingani haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ`ning aniqlashicha, hozirda Yakkabog‘da yig‘ilish o‘tkaziladi. Ana shu yig‘ilishda tuman hokimi, uning o‘rinbosari va prokuror egallab turgan lavozimidan olingani rasman e’lon qilinadi.
Bosh vazir kutilmaganda Xorazmga bordi
Urganch shahrida uyi buzilib, kompensatsiya to‘lanmagan fuqarolar norozilik bildirib, Honqa tumaniga olib boradigan yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ manbasi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Urganch shahri "Ashxobod" mahallasida istiqomat qilgan aholi va shahar hokimligi o‘rtasida kelib chiqqan tushunmovchilikni joyiga chiqib o‘rganish, tahlil qilish va ijobiy hal etish uchun Bosh vazir Abdulla Aripovga topshiriq bergan.
LiveBarchasi