“Oylik – uchinchi masala”. Lukashenko yana o‘zbekistonlik migrantlar haqida gapirdi (video)

Olam

image

Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat qishloq xo‘jaligida ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining oyligi – uchinchi masala ekanini aytdi. Bu haqda u Vitebsk viloyati gubernatori Aleksandr Rogojnik bilan uchrashuv chog‘ida so‘z ochdi.

Lukashenko Vitebsk viloyatidagi qishloq xo‘jaligi ishlari bilan bir qatorda O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb etish masalasiga ham alohida to‘xtalgan.

“Jumladan, o‘zbekistonliklar ham. Chunki ular avvalo sizning hududingizga keldi. Biroq, bir narsani unutmang: birinchi o‘rinda sut va go‘sht ishlab chiqarish turadi. Agar ishchi kuchi yetarli bo‘lmasa, mayli, ular ishlasin. Ularning oyligi esa uchinchi masala”, degan Belarus fuqarosi.

Lukashenkoning aytishicha, Belarus va O‘zbekistonning bu yo‘nalishdagi hamkorligi o‘zaro manfaatlarga asoslangan. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Belarusdan oziq-ovqat mahsulotlari olish hamda qishloq xo‘jaligiga investitsiya kiritishga qiziqish bildirgan.

Shu bilan birga, u Belarus zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishga tayyorligini bildirib, ishchi kuchiga ehtiyoj nafaqat Vitebsk viloyatida, balki Mogilyov, Gomel va Grodno viloyatlarida ham mavjudligini qayd etgan. Belarus rezidentining so‘zlariga ko‘ra, xorijlik ishchilarni jalb etish maqsadli ravishda amalga oshirilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Belarusda ishchi kuchi taqchilligi kuzatilayotgani bois mamlakat rahbari Aleksandr Lukashenko avvalroq o‘zbek oilalarini Belarusga ko‘chib kelib, ishlash va yashashga taklif qilgandi. Shuningdek, u mamlakatga mehnat migrantlarini jalb etish tartibi hamda ularga qo‘yiladigan talablarni ham ochiqlagan edi.

Qayd etish joiz, Lukashenkoning ushbu bayonoti mamlakatga ishlash uchun borgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolarining u yerdagi daromad va mehnat sharoitlari masalasida Andijon viloyati hokimiga yo‘llagan murojaati tarmoqlarda tarqalib, muhokamalarga sabab bo‘lgan bir paytda yangragandi. Videomurojaatda fuqarolar Belarusda ish beruvchi tomonidan taklif qilingan 500 AQSH dollarilik oylik o‘ta kamligi hamda bu sharoitda xorijda ishlashdan ko‘ra, O‘zbekistonga qaytib, mehnat qilish ma’qul ekanini aytgan.

Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, fuqarolarning Belarusga ishga yuborilishi Andijon viloyati hokimligining pilot loyihasi bo‘lib chiqqan. Unda ish bo‘yicha shartlarni Andijon viloyati hokimligi e’lon qilgan va mahalliy hokimliklar orqali odamlarni yig‘gan. Belarusga ishga borgan 200 nafar odamning hammasi bitta joyda ishlamaydi va har xil ish beruvchilarga bo‘linib ketgan. Shu sababli hamma ish beruvchida oylik maosh, vakansiya, yashash va ishlash sharoitlari har xilligi ma’lum bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, ushbu voqealar fonida Belarusning Vitebsk shahrida Migratsiya agentligi vakolatxonasi ochilishi belgilandi va investitsiya hamda tashqi savdo masalalariga befarqligi aytilgan O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov lavozimidan ozod etildi.

Voqealar so‘ngida esa Lukashenko Belarusga yuqori maosh topish umidida bormoqchi bo‘lgan o‘zbekistonliklarga Rossiyada ishlashni tavsiya qilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing