“Andijon hokimligining pilot loyihasi”. Belarusdagi o‘zbekistonliklar bo‘yicha izoh berildi
Jamiyat
−
15 iyul 14789 2 daqiqa
Avvalroq, Belarus Respublikasiga ishlash uchun borgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolarining daromad va mehnat sharoitlari masalasida Andijon viloyati hokimiga murojaat yo‘llagani xabar qilingandi. Videomurojaatda fuqarolar Belarusda ish beruvchi tomonidan taklif qilingan 500 dollarlik oylik o‘ta kamligi hamda bu sharoitda xorijda ishlashdan ko‘ra, O‘zbekistonga qaytib, mehnat qilish ma’qul ekanini aytgan. Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolarning Belarusga ishga yuborilishi Andijon viloyati hokimligining pilot loyihasi. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Migratsiya agenltigi matbuot kotibi Gulruh To‘layeva ma’lum qildi.
Uning bildirishicha, ish bo‘yicha shartlarni Andijon viloyati hokimligi e’lon qilgan va mahalliy hokimliklar orqali odamlarni yiqqan. Belarusga ishga borgan 200 nafar odamning hammasi bitta joyda ishlamaydi va har xil ish beruvchilarga bo‘linib ketgan. Shu sababli hamma ish beruvchida oylik maosh, vakansiya, yashash va ishlash sharoitlari har xil.
“Migratsiya agentligi xorijda ishlayotgan har bitta fuqaromizning yashash-ishlash sharoitini o‘rganadi. Ularga to‘g‘ri kelmagan, shartnoma shartlaridan boshqacha bo‘lgan yashash, ishlash va oylik maoshlari bo‘lsa, boshqa ishga o‘tishda amaliy yordam beriladi”, deydi Gulruh To‘layeva.
Shuningdek, uning qo‘shimcha qilishicha, o‘zbekistonliklarni xorijga ishga yuborishda Migratsiya agentligining ish beruvchiga talablari bor. Xususan, har qanday davlat taklif qilayotgan maosh o‘sha davlatdagi eng kam oylik ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak. Jumladan, Migratsiya agentligi talab bo‘yicha 1000 dollardan kam bo‘lgan oylik maosh taklifiga rozi bo‘lmaydi.
“Ularga boshqa ish o‘rinlari taklif qilinadi va boshqa ish o‘rinlariga o‘tkaziladi. Agar unda ham rozi bo‘lishmasa, albatta vatanga qaytarish bo‘yicha amaliy choralar ko‘riladi”, deydi agentlik so‘zlovchisi.
Andijon viloyati hokimligi hozircha holat yuzasidan munosabat bildirmadi.
Eslatib o‘tamiz, yuqorida gap ketgan videomurojaatda fuqarolar Belarusda ish beruvchi tomonidan taklif qilingan 500 dollarlik oylik o‘ta kamligi hamda bu sharoitda xorijda ishlashdan ko‘ra, O‘zbekistonga qaytib, mehnat qilish ma’qul ekanini aytgandi. Shuningdek, ular masalani hal etishda Andijon viloyati hokimidan amaliy yordam so‘ragan edi.
Live
Barchasi