Lukashenko o‘zbekistonliklarni Belarusda ishlash va yashashga taklif qildi (video)
Jamiyat
−
10 iyul 4703 2 daqiqa
Belarusda ishchi kuchi taqchilligi kuzatilayotgani bois mamlakat Prezidenti Aleksandr Lukashenko o‘zbek oilalarini Belarusga ko‘chib kelib, ishlash va yashashga taklif qildi.
“Vitebsk viloyati haqida ko‘p gapirildi. O‘zbekistonda suv yetishmaydi. Yer ham ko‘proq bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Bizda, Belarusda, buning barchasi bor. Ba’zan ishchi kuchi yetishmaydi. Biz o‘zbek oilalari Belarusga kelib, shu yerda joylashishini, zarur bo‘lsa, tibbiy yordam olishini, ta’lim olib, rivojlanishini istardik. Bu Belarus yerlari bo‘shab qolmasligi uchun bizga juda zarur”, degan u.
Lukashenko Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik faqat iqtisodiy yo‘nalish bilan cheklanib qolmasligi, hududlararo aloqalarni rivojlantirish, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligini ta’kidlagan.
Shuningdek, Belarus rahbari ikki mamlakat mavjud imkoniyatlardan faolroq foydalanishi kerakligini ta’kidlagan.
“Keling, birgalikda ishlaylik. Belaruslar o‘zbeklarga juda yaxshi munosabatda bo‘ladi. Xuddi O‘zbekiston fuqarolari belaruslarga yaxshi munosabatda bo‘lganidek. Prezidentlarning irodasi va qo‘llab-quvvatlashi bor. Tez harakat qilish kerak. Kechiksak, boshqa birov keladi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Lukashenko Belarus–O‘zbekiston hamkorligida ayollarning ham muhim o‘rni borligini ta’kidlagan. Uning aytishicha, ikki davlat o‘rtasida ayollar biznes-forumi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, Belarus bu tashabbusni bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, u O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaning faolligini alohida e’tirof etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi.
Live
Barchasi