Oyoqqa turgan Turkiya: yirik shaharlarda namoyishlar davom etmoqda (fotoreportaj)

Olam

image

Turkiyada Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi ortidan ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. U korrupsiya va terrorchilik guruhlari bilan aloqadorlikda gumon qilinmoqda. Kecha, 23 mart kuni Imomo‘g‘li korrupsiya ayblovi bo‘yicha hibsga olindi va ehtiyot chorasi sifatida lavozimidan chetlatildi.

Istanbul, Anqara va Izmir hokimiyatlari keng qamrovli mitinglarni taqiqlagan bo‘lsa-da, asosiy shaharlarda minglab namoyishchilar ko‘chalarga chiqmoqda.

Turkiya shaharlari ko‘chalarida norozilarning asosiy qismini universitet talabalari tashkil qilmoqda. Yuzlab namoyishchilar hibsga olingan. Ular politsiya bilan to‘qnashuvlarga kirishib, ularga qo‘lga ilingan har qanday narsani uloqtirmoqda.

Turkiyadagi norozilik namoyishlaridan eksklyuziv lavhalar quyidagi fotoreportajda:

Siyosatchini qo‘llab-quvvatlash namoyishlari Turkiyaning 50 dan ortiq viloyatida o‘tkazildi. Yirik shaharlar, jumladan, Anqara va Izmirda politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalangan. 300 dan ortiq kishi hibsga olingani haqida xabarlar bor.

Uchta telekanal, jumladan CNN Turk, namoyishlar joyidan jonli efirni to‘xtatdi. Turkiya radio va televideniye oliy kengashi ilgariroq “qonun doirasidan tashqarida efir olib borayotgan” OAVni litsenziyadan mahrum qilish bilan tahdid qilgan edi. Biroq xususiy Halk TV telekanali hanuz ko‘chalardagi voqealar tasvirlarini e’lon qilishda davom etmoqda.

Istanbullik jurnalist Abdurahmon Kamburo‘g‘lining so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilarga hatto mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning ba’zi safdoshlari ham ehtiyotkorlik bilan qo‘llab-quvvatlov bildirgan.

“Hibsga olinganlar bor, shuningdek, to‘qnashuvlar ham sodir bo‘ldi. Har bir qadam va har bir qaror muqarrar ravishda vaziyatni keskinlashtiradi. Namoyishchilar bu choralarning barchasini noqonuniy deb bilmoqda. Hatto sobiq prezident Abdulla Gul ham noroziligini bildirgani haqida xabarlar bor, u esa Erdo‘g‘anning o‘z safdoshi. Vaziyatni kuzatayotganlar bunday qaror hech kimga foyda keltirmasligini tushunib yetmoqda. Ayrimlarning fikricha, hokimning hibsga olinishi Prezident va hukmron partiya reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan tashqari, saylovchilar buni o‘zlariga qilingan tahdid deb qabul qilmoqda”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, Ekrem Imomo‘g‘li Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan Istanbul shahar hokimligiga qarshi ochilgan korrupsiya tergovi doirasida hibsga olingan edi. Istanbul Bosh prokuraturasi Imomo‘g‘li va 99 gumonlanuvchiga nisbatan jinoiy tashkilot yetakchisi bo‘lish, jinoiy tashkilotga a’zolik, tovlamachilik, poraxo‘rlik, malakali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish va tender savdolarini soxtalashtirish kabi ayblovlar bilan boshlangan tergov ishlarini davom ettirmoqda.

Bosh prokuratura Imomo‘g‘li “qurolli terror tashkilotiga yordam berganligi bo‘yicha kuchli gumon” borligini, ammo uni moliyaviy jinoyatlar uchun hibsga olish qarori allaqachon chiqarilgani sababli, uning yana hibsga olinishi “hozirgi bosqichda zarur emas”ligini bildirdi.

Shuningdek, korrupsiya ishi bo‘yicha hibsga olingan Ekrem Imomo‘g‘li vaqtinchalik chora sifatida o‘z lavozimidan chetlatildi. Keyinroq Turkiya muxolifati – Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel hibsga olingan va lavozimidan chetlatilgan Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining prezidentlikka nomzod sifatida ilgari surilishi uchun partiya praymerizida deyarli 15 million kishi ovoz berganini bildirdi. Shu tariqa Imomo‘g‘li rasman Turkiya prezidentligiga nomzod bo‘ldi.  

Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishi

19 mart kuni tongda Istanbul hokimi va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi Ekrem Imomo‘g‘li hamda uning 106 tarafdori hibsga olingandi. Ular Kurd harbiy-siyosiy tashkiloti PKKga ko‘maklashish hamda boshqa noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur voqealar yuzasidan Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch tegishli bayonotini e’lon qildi. Uning ma’lum qilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov harakatlari doirasida 106 nafar gumonlanuvchiga, jumladan, Istanbul shahar hokimiga nisbatan bugun ertalab hibsga olish to‘g‘risida qarorlar chiqarilgan. Bildirilishicha, Istanbul Bosh prokuraturasi tomonidan 2 ta tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, Istanbul Bosh prokuraturasining bayonotidan ma’lum bo‘lishicha, tergov materiallari orasida MASAK (Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi) hisobotlari, soliq ekspertizasi xulosalari, depozitlar haqida hisobotlar, guvohlarning bayonotlari va boshqa dalillar mavjud.

Turkiya Prezidenti devoni Kommunikatsiyalar boshqarmasi rahbari Faxriddin Altun esa Ekrem Imomo‘g‘li hibsga olingani ortidan davlat rahbariga nisbatan tuhmat va bo‘htonlar aytilayotganini bildirdi. U sud organlarining mustaqilligiga putur yetkazish, shuningdek, Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘anga daxl qilish, mafkuraviy tuhmat harakatlariga qarshi ekanini ma’lum qilgan.

Istanbul shahri talabalari Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi namoyishga chiqdi. Turkiyaning asosiy muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasi (JXP) yetakchisi O‘zg‘ur O‘zel 86 millionlik respublika aholisini kelasi yakshanba, 23 mart kuni Istanbul hokimi Ekrem Imomo‘g‘lining hibsga olinishiga qarshi ko‘chalarga chiqishga chaqirdi.  JXP a’zolari o‘zlarining partiyadoshlarining hibsga olinishiga norozilik sifatida minbarga to‘planib, parlament Bosh assambleyasi ishini to‘sib qo‘yishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya namoyish miting Ekrem Imomo'g'li

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing